O‘zbekiston | 11:15 / 13.07.2017
6036
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qonunchilik muammolarini hal qilish instituti tashkil etiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis huzurida qonunchilik muammolarini hal qilish instituti tashkil etilishini taklif qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017 yil 12 iyul kuni o‘tkazilgan parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilgan.

«O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Oliy Majlis tarkibida muhim bir tuzilma, ya'ni ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyat olib boradigan, qonun loyihalarini ishlab chiqadigan markazning yo‘qligi bu boradagi ishlarni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatini bermayapti. 

Ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolarini o‘rganish institutini tashkil etishni taklif qilaman. Bu institut parlament a'zolarining buyurtmasiga asosan huquqni qo‘llash amaliyoti va xorijiy tajriba bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar va qonun loyihalarini tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanishi lozim. 

Bu nima uchun kerak? Bu institut deputat va senatorlarning eng yaqin yordamchisi vazifasini bajarishi kerak. Ayni vaqtda, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish ham foydadan xoli bo‘lmaydi», deya prezidentning so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid