21:45 / 17.07.2017
8980

Sarraj: Liviyaning 67 mlrd dollar mablag‘i g‘arb mamlakatlari banklarida muzlatilgan

Foto : Vitaliy Zaytsev

Ayni vaqtda Liviyaning g‘arb mamlakatlaridagi banklarida muzlatib qo‘yilgan mablag‘lari 67 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Tripolidagi milliy birlik hukumati rahbari Fayoz Sarraj RIA Novostiga bergan intervyusida bayonot berdi. 

"U yerdagi (g‘arb banklarida) pul mablag‘lari 67 mlrd dollarga yaqin. Ular orasida Liviya investitsiya kompaniyalari va Markaziy banki mablag‘lariyam bor. Mazkur muzlatilgan aktivlar Liviya davlatiga tegishli", — degan Liviya bosh vaziri va prezidentlik kengashi rahbari.
 
Ma'lumki, Liviyaga nisbatan qurol-yarog‘ embargosi, hisob raqamlarini muzlatish va safar qilishga doir muddatsiz taqiq amal qiladi. Avvalroq, Liviya hukumati Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, Liviya investitsiyalar idorasi (Libyan Investment Authority)ning yo‘qotishlari haqida xabar qilgan edi. Ular BMT XKdan muzlatilgan hisob raqamlaridan yangi hisob raqamlariga mablag‘larni o‘tkazish, hisob raqamlari ochish va yopishga ruxsat so‘ragan. BMT XK esa, iqtisodiy cheklovlarni o‘z kuchida qoldiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. 

Milliy birlik hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat Liviya aktivlarini muzlatishni so‘ramagan. Vazirlar mahkamasi, Sarrajning qayd etishicha, "ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida ularni tasarruf etish huquqini berishni so‘ragan".

"Mazkur mablag‘lar yetarli boshqarilmagani sababli Liviya davlatchiligining yillik yo‘qotishi 1 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Ushbu mablag‘larni boshqarishni muzlatish emas, Liviya hukumatiga qaytarish kerak", — degan Sarraj.

Mavzuga oid
Top