Fan-texnika | 14:20 / 20.07.2017
6479
2 daqiqa o‘qiladi

Yarim asr ichida qancha plastik ishlab chiqarilgani aniqlandi

1950-yillardan beri jahonda sakkiz mlrd tonnadan ko‘proq plastik ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning to‘rtdan uch qismi bugungi kunda chiqindilar ko‘rinishida. Bunday xulosalarga olimlar kelishgan. Shu bilan birga, plastik chiqindilarning faqatgina 9 foizi qayta ishlanmoqda. Agarda hech narsa o‘zgarmasa, 2050 yilga kelib Yerda 12 mlrd tonna plastik chiqindi bo‘ladi. Tadqiqot natijalari Science Advances jurnalida e'lon qilindi.

Ish mualliflari sanoatning turli sohalaridagi smola, tola va birikmalar statistikasini yig‘ishdi hamda 1950-2015 yillar davomida jahonda 8,3 mlrd tonna plastik ishlab chiqarilgani, undan 6,3 mlrd. hozirgi kunda chiqindi ulushiga to‘g‘ri kelishini aniqlashdi. Plastik ishlab chiqarishning umumiy miqdori 1950-yildagi ikki mln tonnadan 2015-yilga kelib 400 mln tonnaga qadar yetdi. Plastik chiqindining faqatgina 9 foizi qayta ishlanmoqda, 12 foizi – yo‘q qilinadi, qolgan 79 foizi esa – atrof-muhit yoki chiqindixonalarda yig‘iladi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, ular bozorni plastikdan butunlay “tozalash” niyatida emaslar – ko‘proq, undan foydalanishni tanqidiy tahlil qilmoqchi bo‘lganlar. Ularning aytishicha, plastmassalarni almashtirish imkonsiz bo‘lgan sohalar bor, biroq plastikka juda ham katta talab bo‘lmagan joylarda undan foydalanishni keskin kamaytirish lozim.

Mavzuga oid