O‘zbekiston | 20:06 / 20.07.2017
47783
3 daqiqa o‘qiladi

Diqqat! Toshkent viloyati prokuraturasi ma'lum qiladi...

Toshkent viloyati IIBda tashkil etilgan matbuot brifingida Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berildi.
 
Toshkent viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Rashidovning ma'lum qilishicha, viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida jami sodir etilgan jinoyatlar tahliliy o‘rganilganda 2017 yilning 6 oyi davomida 4 169 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bugungi kun holatiga ko‘ra, (2017 yil 20 iyulgacha) 4 405 ta jinoyat ro‘yxatga olingan. 

Ushbu jinoyatlarning aksariyat qismi, ya'ni asosiy oshib borayotgan toifalari, asosan o‘g‘irlik, firibgarlik, transport vositasini olib qochish kabi jinoyatlar keskin ravishda oshayotgani ma'lum bo‘lgan. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyat kesimida o‘g‘irlik sodir etish hollari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgan va o‘tgan 6 oy ichida 1115 ta o‘g‘irlikka qo‘l urilgan. 

Firibgarlik jinoyati 95 taga yoki 33 foizga oshgan. Ushbu jinoyat bo‘yicha javobgarlikka tortilgan shaxslar o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga kamaygan va 544 kishini tashkil etgan. Shundan 20 ta holatda uy-joy olib berishga doir aldovlar, avtomashinani olib berish bilan bog‘liq holat 25 tani tashkil etadi. Ishga joylashtiraman, deb aldash bilan bog‘liq 22 ta, o‘qishga kiritib qo‘yishga doir 1ta firibgarlik aniqlangan.   

Transport vositasini olib qochish bilan bog‘liq jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 20 taga, ya'ni 125 foizga oshganligini ko‘rish mumkin. 

Shu o‘rinda Kun.uz chorlovini bee'tibor qoldirmagan viloyat prokuraturasi keyingi brifinglarda bundan-da faolroq bo‘lib, Davlat rahbari tomonidan jamiyatda oshkoralik va shaffoflikni ta'minlashga qaratilgan ko‘rsatmalari ijrosi yuzasidan viloyat kesimida mansabini suiiste'mol qilish, korrupsiya va noqonuniy daromadlarni legallashtirish, valyutaga doir jinoyatlar va ularning fosh etilishi bilan bog‘liq raqamlarni ham taqdim etadi, degan umiddamiz. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid