Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy razvedka boshqarmasi Xitoyni AQShning asosiy raqibi deb atadi
Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Maykl Pompeoning fikriga ko‘ra, hozir xalqaro maydonda AQShning asosiy raqibi Rossiya yoki Eron emas, Xitoy sanaladi. Bu haqda u Washington Free Beacon portaliga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
«Menimcha, bu uch davlatdan Xitoy o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda Amerikaga ko‘proq raqobat ko‘rsata olishi mumkin», — degan Pompeo. Uning ta'kidlashicha, «tirik-o‘ligi ona Yer qa'ridan necha barrel neft qazib olishiga bog‘liq bo‘lgan Rossiyadan farqli o‘laroq, Xitoyda real iqtisodiyot bor». Eron iqtisodiyoti yetarli darajada rivojlanmagan va salohiyati jihatidan Xitoy bilan hech qachon bahslasha olmaydi, degan MRB direktori.
Shuningdek, Pompeoning qayd etishicha, Xitoy tobora o‘zining «AQSh harbiy kuchlariga qarshi turishga yo‘nalgan» harbiy salohiyatini oshirib bormoqda. Pekin tomonidan texnologiyalarning o‘zlashtirilishi haqida gapirar ekan, Amerika razvedkasi rahbari Xitoy «yo AQSh texnologiyasini o‘g‘irlashga yoki bo‘lmasam bu boradagi kurashda g‘olib chiqishiga amin bo‘lishga harakat qiladi», degan
MRB direktori razvedka sohasida Xitoyning o‘sib borayotgan imkoniyatlari borasidagi tashvishlarini ham bildirib o‘tdi. «Xitoyliklar josuslik borasida faol kampaniyani boshlab yuborishgan va bu anchadan beri davom etmoqda, — degan u. — Hammasi sanoat josusligidan boshlangan. Ular doimo bizning harbiy resurslarimiz, ilmiy tadqiqot dasturlarimizdan xabardor bo‘lishga harakat qilib kelishgan».
«Xitoyliklar rossiyaliklar singari qunt bilan, shimoliy koreyaliklardagi biroz kamroq ishlashadi. Shunchaki ularda hozir bu ikki davlatnikidek salohiyat yo‘q», — degan Pompeo Xitoy razvedkasi harakatlari haqida.

Rossiya tahdidi
Lekin Amerika razvedkasi Rossiyani hamon AQSh xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi va uning xatti-harakatlariga javob qaytarilishi shart bo‘lgan davlat, deb hisoblaydi, deya ta'kidlagan Pompeo.
«Amerika bunday tahdilarga ko‘plab o‘n yilliklar davomida javob berib kelishga majbur bo‘lmoqda», — degan u Moskvaning xalqaro arenadagi harakatlari haqida. Uning fikriga ko‘ra, yaqin istiqbolda Rossiya Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun o‘z vaqtida sovet ittifoqi qilganidek muammolar yaratadi. «Faol tadbirlar bo‘ladimi, propaganda yoki turli vositalar va usullar bilan, jumladan, maxfiy tarzda xalqaro jamoatchilik fikriga ta'sir o‘tkazish bo‘ladimi, nima yoki kim haqida gap bormasin, biz hamon rossiyaliklardan kelayotgan tahdidlarga duch bo‘lmoqdamiz», — deya ta'kidlagan Pompeo.
Uning aytishicha, MRB Amerikaning boshqa maxsus xizmatlari bilan birgalikda Rossiyaning xatti-harakatlariga qarshi harakat qilishgan chog‘langan. «Biz unga muqobil javob ko‘rsatishimiz (rossiyaliklarni) mag‘lubiyatga uchratishimiz, bu ular uchun og‘riqli bo‘lishi va ular o‘z xatti-harakatlari miqyosini susaytirishi uchun ishlamog‘imiz kerak», — degan Pompeo AQSh razvedka idorasining rahbari sifatidagi o‘zining ilk katta intervyusida.
Bir vaqtning o‘zida, u Rossiya bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilishni yoqlab chiqqan. «Ular bizga kerakli axborotga ega bo‘lishlari mumkin», — degan u Rossiya maxsus xizmatlari haqida. «Menimcha, ular bilan terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha axborot almashinish yo‘lni topa olsak, biz shu ish bilan shug‘ullanishimiz kerak, — degan Pompeo. — Lekin shu holda ham ularga Qo‘shma Shtatlarga nisbatan faol tadbir olib borishlariga yo‘l qo‘ymasligimizni, ularni kuzatayotganimiz va fursat tug‘ilishi hamono qarshi kurashishmizni tushuntirib qo‘yishimiz kerak».
MRBga kelgunga qadar AQSh Kongressi vakillar palatasining a'zosi va razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitada ishlagan Pompeo avval bu masalada «Moskvaga borib kelgani» va rossiyalik rasmiy shaxslar bilan shu masalalarni muhokama etganini aytib o‘tgan edi. «Men u yerda o‘z hamkasblarim bilan uchrashib, terrorizmga qarshi Rossiya bilan qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishimiz mumkinligini aniqlashga harakat qildim», — degan Pompeo.

KXDR yadro dasturi
KXDRning raketa va yadro dasturini, shuningdek, terrorchilik tashkilotlarining faoliyatini yaqin istiqbolda AQSh xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy xavflar, deb atagan.
«Fikrimcha Shimoliy Koreya va terrorizm AQSh uchun bevosita tahdidlar hisoblanadi. Bular juda farqli xatarlar hisoblanadi va ularga qarshi turlicha javob beramiz. Lekin ularning har biri biz uchun bugun birinchi o‘rinda», — deya ta'kidlagan Amerika razvedkasi rahbari.
Pompeo KXDR tomonidan AQSh hududiga yetib borishga qodir qit'alararo ballistik raketa ishlab chiqilishi ehtimoliga ham baho bera turib, uni yetarli daraja yuqori, deb baholagan. «Ular yadro kallagi o‘rnatilgan raketa uchirib ko‘rishlari va omadlari kelib qolishi ham mumkin. Bu esa yomon. Biz buning oldini olishimiz kerak, biroq haqiqiy xavf shundan iboratki, ular potensial tiyib turuvchi qurolga ega bo‘ldik, deb o‘zlarining amin bo‘lishiga imkon beruvchi ishonchli qurol ham yarata olishlari mumkin», — degan MRB direktori.
Bundan tashqari, Pompeoning aytishicha, MRBda Shimoliy Koreya tahdidiga javob beruvchi maxsus markaz yaratilgan. Idorada AQSh prezidenti Donald Tramp KXDRga nisbatan har qanday diplomatik imkoniyatlar sarflab bo‘lingan, degan qarorga kelgan vaqtda ishga tushiriladigan turli harakatlar variantlari ishlab chiqilmoqda.
Ilgariroq The Washington Post gazetasi AQSh KXDRning raketa va yadro dasturini baholashni qayta ko‘rib chiqqanini e'lon qilgan edi. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari endi Pyongyang 2018 yilda yadro kallagi o‘rnatilgan qit'alararo ballistik raketalar bilan qurollanishi mumkin.
KXDR markaziy televideniyesi 4 iyulda «Hvason-14» qit'alararo ballistik raketasi muvaffaqiyatli uchirilganini e'lon qildi. Raketaning maksimal uchish balandligi 2802 km.ni, masofasi — 933 km.ni tashkil etgan. AQSh hukumati shu munosabat bilan KXDR tomonidan tahdid kuchaygani va Pyongyangning ushbu qadamiga javoban global harakatlar talab qila boshladi. Amerika ma'muriyati Pyongyang tomonidan sinalgan raketa chindan ham qit'alararo deb hisoblanishi mumkinligini ta'kidlagan.

Iroq va Suriyadagi inqiroz
Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hududiga o‘tib ketish ehtimolini pasaytirish maqsadida AQSh Suriya va Iroqda imkon qadar ko‘proq terrorchilarni yo‘q qilishga urinmoqda.
«Bu odamlar qayerga yo‘l olayotgani bizni ko‘proq tashvishlantirmoqda. Menimcha, ma'muriyat shu sababli ularni iloji boricha ko‘p miqdorda o‘ldirishga jazm qilgan», — degan Pompeo Suriya va Iroqda IShID terrorchilik guruhiga qarshi o‘tkazilayotgan harbiy operatsiyalar haqida.
«Harbiy harakatlar maydonini qanchalik kam terrorchi tark etsa, Amerika razvedka hamjamiyati shunchalik kamroq nishonni kuzatishga majbur buladi», — deya ta'kidlagan Amerika razvedkasi rahbari.
Pompeo terrorchilar Yevropa pasportlarini olishi, shu bilan AQShga vizasiz kirib chiqish huquqini qo‘lga kiritishiga ishora qilgan. Shu sababli Amerika maxsus xizmati vakillari Yevropadan kirib kelayotgan odamlarni ham kuzatish vazifasi turibdi, deya tushuntirgan u.
Bundan tashqari, MRB direktori IShIDning yo‘qotilishi bilan terrorizm xavfi bartaraf bo‘lmasligini ham aytib o‘tgan. «Biz ular yana qayerda qayta bosh ko‘tarishidan tashvishdamiz — Afg‘onistondami, Liviyadami yoki Janubiy-sharqiy Osiyoda? Hozir ular Filippinda ham bo‘y ko‘rsata boshlagan», — degan Pompeo.