23:03 / 02.08.2017
47083

O‘zbekiston mineral boyliklardan tushgan boyliklarni taqsimlash reytingida pastdan 10-o‘rinda

O‘zbekiston dunyoning yetakchi tog‘-kon va neft gaz qazib oluvchi 89 davlati orasidagi reytingda so‘nggi o‘nlikdan joy oldi. Respublika foydali qazilmalardan tushadigan daromadlardan foydalanish samaradorligi va mamlakat fuqarolarining ulardan foydalana olishi mezonlari bo‘yicha past ko‘rsatkichlarga ega. 

Obro‘li Natural Resource Governance Institute (NRGI – Tabiiy zaxiralardan foydalanish instituti) xalqaro tashkiloti «Zaxiralardan samarali foydalanish va ularni taqsimlash reytingi» (Resource Governance Index)ni e'lon qildi. Hujjatda, dunyoning 82 foiz nefti, 78 foiz gazi va rudalar, minerallar, boshqa foydali qazilmalarning aksar ulushini qazib oluvchi 89 davlatning har biridagi holat alohida baholanadi. 

Foydali qazilma boyliklarni qazib olish ushbu davlatlarning har biriga ulkan daromadlar keltiradi. Bu mamlakatlarning ayrimlari qazilma boyliklardan tushadigan mablag‘larni samarali ishlatayotgani tufayli dunyoning eng boy va farovon davlatlariga aylangani ta'kidlangan. Qolganlari hamon qashshoq yoki unchalik ham rivojlanmagan davlatlar qatorida qolib ketmoqda. 

NRGI tadqiqoti doirasida 150 kishidan iborat ekspertlar guruhi 89 davlatning har birini 149 ta mezon bo‘yicha 10 mingdan ortiq hujjat asosida o‘rganib chiqqan va ayrim davlatlarning muvaffaqiyati hamda boshqalarining muvaffaqiyatsizligi xususida xulosa qilgan. Masalan, davlatlar quyidagi mezonlar bo‘yicha baholandi:
 
Foydali qazilmalarni qazib olish uchun litsenziya berish samaradorligi va shaffofligi;

Olingan daromadlarni mamlakat byudjyetida va fuqarolar orasida, xususan ijtimoiy himoyani ta'minlash va inson salohiyatini taraqqiy ettirishga taqsimlash usullari;

Davlatni rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida milliy farovonlik fondlarini tashkil etish;

Atrof-muhitni himoya qilish.

Bundan tashqari, korrupsiya, qonun ustivorligi, tanish-bilishlarsiz biznes yuritish imkoniyati, neftgaz qazib olish va tog‘-kon korxonalarining o‘zlari faoliyat yurituvchi tumanlardagi fuqarolarga yordam berishi va shu kabilar ham e'tibordan chetda qolmagan. 

Qayd etish joizki, O‘zbekiston mazkur reytingda deyarli oxirida joylashgan. U yuqorida qayd qilingan mezonlar bo‘yicha past baholarga ega bo‘lgan. Mamlakat «Nuqsonli» davlatlar guruhiga kiritilgan. Ular «tabiiy boyliklardan olinadigan foydalar jamiyatga ko‘proq foyda keltiradigan tizimga ega bo‘lmagan davlatlar qatoriga kiritilgan. Foydali qazilmalardan tushayotgan boyliklar faqat ayrim kompaniyalar va ba'zi kishilar ixtiyoriga kelib tushayotgani ehtimol», deyiladi tadqiqotda.

NRGI reytinggiga, shuningdek, sobiq SSSR respublikalarining ayrimlari ham kiritilgan. Biroq ulardagi ahvol birmuncha yaxshiroqdir. Sobiq ittifoq mamlakatlaridan reytingda eng yuqori o‘ringa Qozog‘iston munosib ko‘rilgan. U 25-o‘rinda. Undan so‘ng Qirg‘iziston (38-o‘rin), Ukraina (44-o‘rin), Ozarboyjon (47-o‘rin) va Rossiya (50-o‘rin) joylashgan. Bu davlatlarning har biri O‘zbekistondan ikki tasnif yuqorida bo‘lib, «Past samarador» mamlakatlar guruhida. Ular «zaxiralarni taqsimlash va foydalanish samaradorligi nuqtainazaridan kuchli va zaif tomonlarga ega davlatlardir. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, jamiyat foydali qazilma boyliklardan foyda ko‘radi, ammo u cheklangan mohiyatga ega».

O‘zbekiston bilan bir guruhda, ammo undan quyida, aniqrog‘i 88-o‘rinda Turkmaniston joylashgan. 

Norvegiya modeli

Reytingning birinchi o‘rnida eng yuqori natija bilan Norvegiya turibdi. Mamlakat neftning sezilari zaxirasiga ega. Xususan, neft qazib olish mamlakat YaIMning chorak qismini tashkil etadi. Bu daromadlardan samarali foydalanish va taqsimlash sababli Norvegiya har bir fuqaroga to‘g‘ri keluvchi daromad bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Shu bilan birga, u ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasida yetakchidir. Mazkur davlat yetti yildirki, inson salohiyati rivoji darajasi (turmush darajasi, uzoq umr ko‘rish, ta'lim va b.) bo‘yicha birinchi o‘rinda. Bundan tashqari, hayotdan rozilik reytingi, mulozimlar rostgo‘yligi va demokratiya taraqqiyoti borasida ham yetakchidir. Shuningdek, Norvegiya kelajak avlod haqida ham yetarli qayg‘urgan davlatlar sirasiga kiradi. U dunyodagi eng yirik milliy farovonlik jamg‘armasiga ega bo‘lib, uning hajmi salkam 1 trln dollarga yetadi. 

Mavzuga oid
Top