14:26 / 10.08.2017
49848

AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida urush kelib chiqishi nechog‘lik haqiqatga yaqin?

Foto: Kcna Kcna/Reuters

O‘tib borayotgan hafta davomida AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan bosimni kuchaytirib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Go‘yoki katta urush oldidan ittifoqchilari bilan kelishib olayotgan mamlakat singari ASEAN yig‘ilishida ishtirok etgan Davlat kotibi Reks Tillerson mintaqadagi davlatlarni Pxenyanga qarshi turishga chaqirmoqda.

Shuningdek, shimolliklar hukumati ham qo‘l qovushtirib turgani yo‘q: KXDR navbatdagi kichik o‘lchamli yadroviy jangovar kallaklarni yaratdi, Guam orolini «Xvason-12» raketalari bilan «yo‘q qilib tashlash» tashabbusi bilan chiqdi. Kuzatilayotgan ziddiyatlar haqiqatan urush bilan tugaydimi yoki bu navbatdagi po‘pisalar ketma-ketligimi?

O‘tgan yili Shimoliy Koreya harbiylari ikki marta yadro qurolini sinovdan o‘tkazishi, unga nisbatan chet el sanksiyalari kuchayishiga olib kelgan edi. Endilikda esa bu harakatlar arzirli natija ko‘rsata olmadi shekilli, iyul oyining o‘zida Shimoliy Koreya ikki marta qit'alararo uchuvchi ballistik raketalarni ko‘z-ko‘z qilib o‘tdi. Inqiroz yoqasida turgan har ikkala mamlakatni ham kutilmagan qarorlar qabul qilishi bilan ajralib turuvchi, bir so‘z bilan harakatlarining oldini ko‘rish mumkin bo‘lmagan rahbarlar boshqarsada, xalqaro kuzatuvchilar urush bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini ta'kidlamoqda.

Associated Press'ning Pxenyandagi byurosi sobiq rahbari, Uilson markazi xodimi Jan Li shunday deydi:

«Ikki davlat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvning kelib chiqishi haqiqatga mos kelmaydi, chunki ularning o‘zi janjalning oxiri urush bilan tugashini xohlamaydi. Gap shundaki, Shimoliy Koreya yadro quroliga ega davlatlardan biri sifatida xalqaro hamjamiyat e'tirofiga sazovor bo‘lishni, AQSh tomonidan uning maqomi tan olinishini istaydi. Shuningdek, mamlakat qimmatli resurslarini sarflab yaratilgan qurollar koreyaliklarni tashqi dushman xavfidan himoya eta olganini isbotlashi lozim. Shundagina xalqning jipslashishi va yakdilligi kuchayadi, g‘oyaviy birlik saqlab qolinadi».

«Ammo bir vaziyat meni tashvishga soladi, bu ham bo‘lsa, Shimoliy Koreyaning qo‘shni mamlakatlar bilan sovuq munosabatidir. 2010 yil yuz bergan qarama-qarshiliklar oqibatida Janubiy Koreya fuqarolari halok bo‘lgan edi. Yaponiya hududida joylashgan dengiz chegarasida ballistik raketadan foydalanish so‘ngida yaponlarning amaliy harakatlarni bajarishga majbur qilishi mumkin», - deydi u.

NK news agentligi rahbari, Seuldagi Kunmin Universiteti professori Andrey Lankov ham bu fikrlarni qo‘llab quvvatlab, shunday degan: «Harbiy ritorika tezkor OAV xabarlarida yorqin bo‘yoqlar bilan yoritilmoqda, ammo amaliy harakatlar kam. Agar rasmiy Pxenyan Oq uy vakillarining jig‘iga tegadigan qo‘pol gaplarni tarqatsa, prezident Trampdan Koreya yarimoroli chegarasiga qiruvchilarning avia zarba berishiga moslashtirilgan suv kemasini olib borib qo‘yishini kutish mumkin. Shimoliy Koreya qit'alararo ballistik raketalarning sinovini muvaffaqiyatli yakunlab, AQSh hududiga Osiyodan turib zarba berish imkoniga ega bo‘lganda, yadro quroli dasturini muzlatib qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborishi tayin».

«Shimoliy Koreya masalasida bir nechta to‘siqlar mavjud, masalan, BMT XK tomonidan kiritilgan sanksiyalar samarali natija bermadi. Hech qaysi davlat sharqiy Osiyo qirg‘oqlarida urush boshlash uchun tayyor ham emas. Demak, yangrayotgan gaplar quruq po‘pisa bo‘lib qolmoqda, deyish mumkin. Shunga qaramay AQSh fuqarolarining 62 foizi Shimoliy Koreyani o‘zlarining eng katta tashqi xavfi, deb biladi. Agar prezident Tramp harbiy hujumdan gap ochsa, demak bajarishi lozim. Aks holda uning siyosiy mavqeyi mamlakat ichida ham tushib boradi», - ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassis Andryu Onil.

Mavzuga oid
Top