Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada uch o‘spirinni qutqarish chog‘ida cho‘kib ketgan o‘zbekistonlik yigit Qashqadaryodan bo‘lgan
2017 yilning 13 iyul kuni Rossiyada o‘zbekistonlik 21 yoshli yigit yosh bolani qutqarish chog‘ida cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda o‘zbekistonlik yigitning ism-familiyasi noma'lum edi. Ba'zi ma'lumotlar esa noaniq edi. Masalan, yigit bir bolani qutqarishi haqida yozilgan, aslida esa ularning soni uch nafar bo‘lgan. Shuningdek, u Rossiyaga kelishdan avval qayerda yashagani haqida ham ma'lumot yo‘q edi.
Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullevning ma'lum qilishicha, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Shakarbuloq qishlog‘idan bo‘lgan 21 yoshli Quvondiq Qalandarov haqida batafsil ma'lumotni ijtimoiy tarmoqda uning do‘sti Maqsud Mahmudovdan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Ahmad ismli akasi Novorossiyskdan qaytib kelgan. Kuni kecha esa unga bu shahardagi tanishlari qo‘ng‘iroq qilib, fojia haqida xabar berishgan. Ular Telegram orqali hodisa haqida so‘z yuritilgan maqola e'lon qilingan gazetaning fotosuratini ham yuborishgan.
«Novyy Novorossiysk» gazetasi muxbiri Yelena Kalashnikovaning yozishicha, 10 iyul kuni Quvondiq sherigi Muzrob Bobodo‘stov bilan ko‘chadagi trenajyorlarda shug‘ullanib, cho‘milishga ketishgan. Ular qurilishda ishlashgan.

Quvondiq uyga qaytayotgan paytda, uch nafar kichik yoshdagi bola suvga tushib ketgani va shamol ularni ochiq dengizga qarab surib ketganini ko‘rgan. U darhol suvga o‘zini tashlagan va uch bolani qutqargan, biroq o‘zi cho‘kib ketgan. Uning jasadi kelasi kun ertalabki vaqtlarda topildi.
Jurnalist Q.Qalandarovning tog‘asi Yusuf Juvonovning telefon raqamini topgan. Tog‘aning so‘zlariga ko‘ra, Quvondiq oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan. Uch yil avval uning otasi vafot etib, onasi uch farzand bilan qolgan. Quvondiqning kollejda o‘qiydigan ukasi va maktabda tahsil oluvchi singlisi bor.
«Quvondiqning jasadini oilasiga qurilish tashkiloti brigadiri Shavkar Jo‘rayev olib kelib topshirdi, - deydi Juvanov. – Jasadni olib kelish bo‘yicha mablag‘lar ishchilar tomonidan yig‘ildi, xarajatlarning bir qismi esa qurilish tashkiloti tomonidan qoplandi».
Bu yosh yigitning shunday qahramonligi haqida hamyurtlari biladimi? Jurnalist “Qashqadaryo” viloyat gazetasi va “Chiroqchi” tuman gazetasiga qo‘ng‘iroq qilib, u yerda ishlovchi jurnalistlarga bu holat tanish emasligini bilgan. Chiroqchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ilhom Fayziyev ham Qalandarovning jasorati haqida hech narsa eshitmaganini tan olgan.
Jurnalistning ta'kidlashicha, “aftidan, Qashqadaryo viloyatida Internet tarmog‘idagi yangiliklarni kuzatib borishmaydi. Quvondiq Qalandarovning jasoratini markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritish kerak, Qashqadaryo viloyati, xususan, Chiroqchi tumani rahbariyati e'tiborini marhumning oilasiga yordam ko‘rsatishga qaratish kerak”.
Mavzuga oid
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
20:10 / 16.06.2026