Samarqandda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Yigit suddagi ko‘rsatmasida boshidan kechirganlarni aytib berdi. Uning hikoyasi shu turdagi ishlardan biroz farq qiladi.

Rossiya sari yo‘l

2003 yilda tug‘ilgan Doston (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) Urgut tumanida ulg‘aygan. Oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik sababli u va akasi ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga qatnab yurgan. 

2025 yil mart oyida akasi, 9 iyul kuni esa Doston ishlash maqsadida Moskvaga jo‘nab ketgan. U o‘shanda oradan ko‘p o‘tmay boshiga qanday kunlar tushishini tasavvur ham qilmagandi.

Doston Moskvaga yetib borib, kunlik 3 300 rubl haq evaziga plita zavodida ishlay boshlaydi. Oradan bir oy o‘tib, 13 avgust kuni uning hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ladi.

“Patent tayyorlab beradi”

Doston o‘sha kuni taksida ishdan qaytayotgandi. Yo‘lda migratsiya xodimlari mashinani to‘xtatib, patent so‘rashadi. Doston ularga fuqarolik pasporti va vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgani haqidagi hujjatlarni taqdim qiladi. So‘ngra rus tilini bilmagani sababli kirakashning yordami bilan puli bo‘lmagani uchun patent olishga ulgurmaganini, lekin tez kunlarda rasmiylashtirib olishini tushuntiradi.

Shundan so‘ng migratsiya xodimlari Dostonning telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilishadi. So‘ngra Dostonga “Shu joyga borasan, patent tayyorlab beradi”, deya manzil aytishadi.

Doston ijarada yashayotgan uyiga kelib, patent to‘lovi uchun to‘plab qo‘ygan 35 ming rubl pulni oladi va aytilgan manzilga boradi. Uni rus millatiga mansub ikki ayol kutib oladi. Doston ular bilan “google perevodchik” orqali gaplashadi. Ayollar unga rus tilida yozilgan hujjatni berib, bo‘sh joylarga ismini yozishni hamda imzo qo‘yib berishni so‘rashadi.

O‘sha vaqtda bu hujjatlar Rossiya qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga kirish haqidagi shartnoma ekanini bilmagandim. Ular bo‘sh qog‘ozga yozib bergan jumlalarni bir amallab ko‘chirib, imzo qo‘ydim. Keyin meni bankka olib borishdi va nomimga plastik karta ochishdi. So‘ngra ichki ishlar idorasiga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. U yerdagi shaxslarning barchasi rus millatiga mansub bo‘lgani uchun nima bo‘layotganini anglab yetmasdan, shu ayollarga ergashib yuraverdim”, degan Doston o‘z ko‘rsatmasida.

Lokatsiya

2025 yil 14 avgust kuni u bilan yana 24 kishini avtobusga mindirib, Voronej shahrida atrofi tikanli sim-to‘siq bilan o‘ralgan joyga olib borishadi. Doston shunda aslida nima bo‘lganini tushunib yetadi. Uni taxminan 100 nafarga yaqin turli mamlakatlardan kelgan askarlarga qo‘shib qo‘yishadi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.