Jamiyat | 10:38 / 15.08.2017
24593
6 daqiqa o‘qiladi

Chiqindidan mo‘l daromad ko‘rayotgan nukuslik tadbirkor

Xalq ertaklarining birida chol uch o‘g‘liga foydasiz narsa topib kelishni buyuradi. Katta o‘g‘il yerda yotgan bir cho‘pni, o‘rtanchasi bitta suyakni topib keladi. Kenjatoy o‘g‘il esa hech narsasiz quruq qaytib keladi. Otasi kenja o‘g‘ildan buning sababini so‘raganida, u hech yerdan foydasi tegmaydigan biror narsani uchratmaganini aytadi. O‘sha zamonda cho‘pdan tish tozalagich, suyakdan esa igna tayyorlanar ekan.

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi hikoya qilgan nukuslik Rashid Qartboyev ham shu kabi yo‘qdan bor qilib, keragi yo‘q, deb chiqindiga tashlab yuborilgan narsalardan mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkordir.

– Jahongashta nemis sayyohi 1997 yili velosipedda Nukusga kelib, bu yer juda iflos ekanini ta'kidlaganida, menda bir fikr uyg‘ongan edi, - deydi Rashid Qartboyev. - O‘sha paytlari Nukus chindan ham juda iflos shahar edi. Uning tozaligini saqlash maqsadida 4-5 yigit birlashib, «Tozalik markazi» nomli nodavlat notijorat tashkilot tuzdik. Dastlab, shahardagi 21, 22, 23-kichik tumanlarning hududini tozaladik. Bir kun shahar tashqarisidagi axlat tashlanadigan joyga borsam, chiqindi tog‘ bo‘lib yotibdi. Unga qarab o‘ylanib qoldim. Bu chiqindilardan mahsulot ishlab chiqarish g‘oyasi miyamga keldi.

Bu aytishga oson-u, lekin amalga oshirish juda qiyin bo‘lgan ish. Ko‘p izlanib, surishtirib, o‘rganib, uch yil deganda, chiqindiga tashlangan baklajka, sellofan paket singari narsalardan polietilen quvur ishlab chiqaruvchi uskuna yaratdim. «Mustanab-Hilol» mas'uliyati cheklangan jamiyatimiz 2001 yili ilk mahsulotini bera boshladi. Dastlab o‘zim yashagan kichik tuman hududidagi 250 ta uyning quvurlarini o‘zgartirdim. Ularning har biriga diametri 25 millimetr bo‘lgan 40 tadan quvur sovg‘a sifatida berdim. O‘sha paytda bozorda quvurning bahosi 10 000 so‘m bo‘lsa, men uni 3000 so‘mdan sotdim.

Suhbat chog‘ida u ko‘pqavatli uylarning yerto‘lalariga qanday qilib tushib tozalagani, kasallik tarqatuvchi chivin va hashoratlarga qarshi qanday kurashgani, aholi orasida tozalikni saqlash borasida targ‘ibot ishlarini olib borgani to‘g‘risida gapirib berdi.

– Bir kuni, - deydi u, – quvurlarni ko‘rish uchun ko‘pqavatli uy yerto‘lasiga tushdim. Kun sovuq edi, yerto‘lada yaxlagan chiqindi suv ustidan o‘tayotganimda muz yorilib, tushib ketdim. Rosa, bulg‘anib qoldim. Yuvinay desam, bu holda hech kimsa uyiga kiritmaydi. Ko‘chaga chiqib, taksi to‘xtatsam, “axlat odam”ni mindirmaydi. Noiloj, uzoq yo‘l yurib, ishxonamga yayov kelishga majbur bo‘lganman.

Shuncha mashaqqatlar bilan ish boshlagan bu tadbirkor yigit boshqarayotgan  korxona bugun faqat quvur emas, boshqa bir qator mahsulotlar ham ishlab chiqarmoqda. Uning yana bir yangiligi – quvur ishlab chiqarishdan chiqqan chiqindini ham tashlamasdan, undan polimer shifr, bruschatka ishlab chiqara boshlaganligi bo‘ldi.

Yaqinda u axlatxonalarga tashlangan eski kiyim-kechak, matolardan devor uchun suyuq gulqog‘oz, suyaklardan suyak uni ishlab chiqara boshladi.

– Bugungi kunda korxonamizda 47 odam ishlaydi. Bundan tashqari har  bir axlat tashlanadigan joydan, ko‘chalardan chiqindi olib keluvchi odamlar ham bor. Korxonamiz yiliga 365 tonnaga yaqin paket, plastmassa chiqindilarini  qayta ishlaydi.

Korxona ishga tushgan 2001 yilda 80 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, 2014 yili 410,3 million, 2015 yili  695,8 million, 2016 yili 761,6 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi. Joriy yilning 6 oyida esa, ishlab chiqargan mahsulotlar hajmi 713 million so‘mdan oshib ketdi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich bir milliard so‘mdan oshadi, degan umiddamiz.

Rashid Qartboyev 1997 yilda Nukus davlat pedagogika institutini biolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Uning korxonasi Nukus shahrining bir chekkasida joylashgan. Qum ustida qovun, paxta, oshqovoq singari ekinlarni o‘stirib qo‘yibdi. Ishlab chiqarayotgan suyak unidan omuxta yem tayyorlab, 300 jo‘ja parvarishlamoqda.

- Buning hammasini men bolalarim o‘rgansin, degan maqsadda qilayapman, - deydi u. - Ilgari yemlarning ratsionida suyak uni ko‘p bo‘lar edi. Uning tarkibida ilik moyi, kaltsiy va boshqa foydali elementlar ko‘p bo‘ladi. Shu sababli uy hayvonlari uchun judayam foydali. Hozirgi vaqtda hokimiyatlarga, tegishli idoralarga chiqib, o‘zim saqlayotgan jo‘jalarni ko‘rsatib, uning foydali tomonlarini tashviqot qilayapman.

Rashid joriy yilning oxirigacha yana bir yangilik tadbiq qilmoqchiligini aytib, hali amalga oshmaganligi uchun bu haqda gapirmaslikni lozim topdi.

Shuni ta'kidlash joizki, bu mamlakatda chiqindidan mahsulot ishlab chiqarayotgan yagona korxonadir.

Bu yangilikning o‘ziga xosligi shundaki, u shaharning tozaligini saqlash, chiqindiga chiqarilgan har qanday narsaning foydali tomonini aniqlab, sifatli va kerakli mahsulot tayorlashda, mintaqada ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda katta ahamiyatga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid