Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Internetda olib chiqilgan yana bir muammo hal etilmoqda. Farg‘onadagi qishloqqa suv keladi
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Obod qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Bloger Isroiljon Tillaboyev blogida «Paqirlar suv kelishiga tayyor tursin» sarlavhali postida bu muammo internet nashrlarida yoritilganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan mas'ul shaxslar qishloqqa kelib, o‘zgarishlar boshlanib ketgani haqida yozadi.
Paqirlar suv kelishiga tayyor tursin
16 iyul kuni qishlog‘imning ichimlik suvi masalasida «Suvsiz qishloq Obod bo‘ladimi?» sarlavhali blogpost joylagan edim. Ushbu blogpostim O‘zbekistonning eng mashhur saytlaridan bo‘lmish sof.uz va kun.uz saytlarida ham berildi. Masala butun O‘zbekiston nigohiga tushdi. Saytlarda maqolam e'lon qilingach, 4 kun o‘tib, reaksiya sezildiki, men uchun ham kutilmagan o‘zgarishlar boshlanib ketdi.
21 iyulda uyimga Farg‘ona viloyat «Suvoqava» DUK bosh muhandisi Ikromjon Abdullayev, muhandis Jaloliddin Hojirahmatov, Nizomiddin Mirzarahimov, tuman «Suvoqava» DUK boshlig‘i Madaminjon Madumarovlar kelishdi.

Farg‘ona viloyat «Suvoqava» DUK rahbari va muhandisi bilan
Ajoyib uchrashuv bo‘ldi. Bosh muhandis samimiy kishi ekan, men murojaatimda mahalla bir nima qilib yetmay turgan 400 metr quvurni sotib olamiz, deb o‘ylab turgandim, u kishi, qishlog‘imiz aholisining sharoitlarini ko‘rib, o‘sha quvurni viloyat «Suvoqava» tomonidan berishga qaror qildi. Faqat 100lik emas, 76lik qilib beray, chunki 100likni ulash qiyin bo‘ladi, mahalla ahli o‘zlari kavlab ko‘mib olishni uyushtira olasizmi, dedi. «Albatta uyushadi mahallam», dedim kutilmagan taklifdan xursand bo‘lib, chunki u quvurni berishlaridan allaqachon umidimizni uzib, puli butun mahallaga qanchadan tusharkan, deb turgandik, allaqachon. Qo‘shni Jonobod qishloqdan bizga keluvchi quduqqa eng katta motor va elektr shchitini ham berishni va'da qilishdi. Bir piyola choy ustida oddiy fuqaro va mansabdor suhbati hazil-huzullar bilan ajoyib o‘tdi. Zamonaviy boshliqning vakillaridan: ochiq chehra, yumorli gap-so‘zli, aniq yechim bilan muammongizning hal qilinishi… Ikrom akadek rahbarlar ko‘payishini menga tekkan katta yordami uchun emas, jamiyatimizda shunday muammolar tezda hal bo‘lib ketishga xizmat qiluvchi kadrlardan ekanligi uchun chin ko‘ngildan tiladim.
O‘sha kuniyoq tumanga biz uchun motor va elektr shchiti Farg‘onadan keltirildi. 2 kun o‘tgach, tumandagi xodim bilan va'da qilingan quvurni olib kelishga meni chaqirishdi. Viloyat «Suvoqava» DUK boshlig‘i tumanlarga chiqib ketmasdan ertalab yetib bordik. Boshliq «qishloqqa necha diametrli quvur kelgan», deya so‘radi. «100lik», «Unda birato‘la qolganiyam 100lik bo‘laqolsin, keyinchalik qishlog‘ingiz aholisi ko‘payishi bor, bo‘lganga yarasha yaxshisi bo‘lsin», deya 100lik qilishdi buyruqni. Bu men kutmagan 2-sovg‘a edi.
Sovg‘alar hali ko‘p ekan. Boshliq davom etdi: «Mahalla hashar bilan kavlab, ko‘mishi mumkin, lekin bu quvurlarni ulashga qiynalishadi, joyini kavlab bo‘lishingiz bilan aytsangiz, men ishchilarimizdan yuboraman, quvurlarni payvandlab berib keladi», dedi. Qoyil, so‘rash xayolimga kelmagan jihatlarni ham tajribasidan kelib chiqib hal qilib bermoqda edi. «Nimada olib ketmoqchisiz?», «Biror mashina toparman», «Bitta uzun KamAZimizni beramiz, olib borib tashlaydi, bo‘lmasa qiynalasiz!». Xalqparvar boshliqqa qanday rahmat deyishni bilolmay qoldim, gapimni g‘o‘ldirab yo‘qotdim. Qilayotgan yaxshiligidan esdalikka suratga tushishga ko‘ndirdim:

Yetib kelgach, bo‘lib o‘tgan ishlarni mahallam ahliga obdon tushuntirib, Prezidentimizning yaratib berayotgan sharoitlari tufayli shuncha ishlar birvarakayiga bo‘lib ketayotganini tushuntirib, duo qildirdim, el xursand, xalq shod. Chunki bir necha marta uringan bo‘lsa ham ish shu darajagacha siljimagan edi suv borasida.

Bir ikki kun o‘tgach, endi tuman «Suvoqava» muruvvatini ko‘rsatdi. Boshliq Madamin aka quvurning yerini kavlagani bitta mashina ajratib berdi. Birpasda kavlab, mahalladagi bekorchi kishilar yordamida quvurni yerga yotqizib tashladik.





Endigi marra - bizga berilgan quduqqa suv motorini tushirish uchun 50 metr temir quvur va 150 metr maxsus kabel kerak ekan. Bu ishlarni mahallaga suv berish savobida bo‘lgan homiylar topa olsakkina (menimcha bunday savobli ishga 5-6 mln so‘m ajrata oladigan kishilar topiladi) suv ishga tushadi.
Ozgina ish qoldi, ozgina birlik va uyushqoqlik. Ish oxirlab qoldi, shundan so‘ng mahallamiz, qishlog‘imiz, maktabimiz suvdan nolimaydigan darajada ta'minlanadi. Har bir ko‘chamizga artezian o‘rnatamiz va undan isrof qilmay foydalanamiz…
P.S.: men blogpostimni o‘zimning isroiluz.blogspot.com blogimda nashr qilib, Facebook tarmog‘idagi sahifamda e'lon qilganman, sof.uz va kun.uz saytlari blogpostimni qayta chop etishganidan xabardorman, men ularga o‘zim va qishlog‘im nomidan rahmatlar aytaman ming bor, lekin o‘zbeklarni qo‘ydan olib qo‘yga solib, dunyoga jar solib yuruvchi bir dardisar chet eldagi saytlar men yozganni ruxsatimsiz chop etishga haqi yo‘q ekanligini eslatib o‘tmoqchiman, muammomizni o‘zimiz, o‘zimizning sayt va rahbarlarimiz yordamida bemalol hal qila olamiz, ularning «yordam»lari o‘zlariga buyursin.
Mavzuga oid
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
08:24 / 20.05.2026
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
11:41 / 19.05.2026