Jahon | 19:52 / 20.08.2017
9757
2 daqiqa o‘qiladi

Kataloniya hukumati musulmonlarni haqorat qilmaslikka chaqirdi

Foto: Sputnik / Xenia Kozlitina

Kataloniya hukumati avtonom jamiyatda yashovchi barcha musulmonlarni "jinoyatchi deb atamaslik"ka chaqirmoqda, musulmon hamjamiyatlari esa terrorizmga qarshi namoyishlar o‘tkazmoqda. 

"Kataloniyada mamlakatda tinch yashab kelayotgan taxminan 200 ming marokashlik bor, ular shu yerda ishlash va ibodat qilish barobarida mamlakat hayotida faol ishtirok etishadi, shu bois musulmonlar jamiyatini "radikallashuvning qaynoq manbasi" sifatida tasavvur qilish mutlaqo adolatsiz", - dedi Kataloniya hukumati raisi Karles Puchdemon 24 Horas telekanalida uzatilgan konferensiyada. 

Kataloniyaning Mossos d'Esquadra huquq-tartibot organi rahbari Xosep Luis Trapero ham "masjidlarni jinoyatlar tayyorlanadigan joy deya e'lon qilmaslik"ka chaqirib, ularning odamlar ibodat qiladigan joy ekani"ni aytgan. 

Shuningdek u tergov hozircha teraktni amalga oshirgan  yoshlarning radikallashuvi aynan qanday kechgani haqida aniq ma'lumot bera olmasligini aytgan. 12 nafar jinoyatchining aksariyati - marokashlik. Shunisi qiziqki, politsiya bundan avval ularning terrorchilar bilan aloqasiga doir hech qanday ma'lumotga ega bo‘lmagan. 

"Ehtimol, na masjid, na maktab va na axloq tuzatish muassasalari radikallashuv joylari bo‘lmagandir", - dedi Trapero va yoshlarning aksariyati bunday oqimlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘shilishini eslatib o‘tdi. 

Kataloniyadagi teraktlardan keyin u yerda aksilmusulmon kayfiyatdagi bir necha holat kuzatilgan. 18 avgust kuni noma'lum kimsalar Ispaniyaning Tarragon shahridagi Marokash konsulligiga qizil bo‘yoqlar sepib ketishgan. Bundan tashqari, Monblandagi masjid binosi devorlarida tahdid va irqchilik aks etgan yozuvlar qoldirilgan. Aybdorlarning shaxsi hozircha aniqlanmagan. 

Mavzuga oid