Erdo‘g‘an Turkiya Suriya shimolida soxta davlat yaratilishiga ijozat bermasligini aytdi
Turkiya PYD va YPG terrorchilariga Suriya shimolida soxta davlat yaratishga ijozat bermaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada ijrochi hokimiyat rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Uning aytishicha, kimlardir “kurd davlati” deb ataluvchi davlat yaratilishiga jonbozlik qilmoqda. “Bunday gaplarni kurd birodarlarimiz nomiga aytilgan haqorat deb bilaman. Ishonchim komilki, kurdlar Suriya shimolida, Turkiya chegarasi yaqinida bunday davlat paydo bo‘lishiga imkon bermaydilar”, deb aytgan Erdo‘g‘an.
“Terrorchilar Suriya shimolida O‘rta yer dengiziga chiquvchi hududni yaratmoqchi bo‘lganlar. Turkiya ular bilan bugun Judi, Tenderuk, Qandil va Gabar tumanlarida terrorchilar obektlarini yo‘q qilayotgandek ish tutadi”, deb qo‘shimcha qilgan Turkiya prezidenti.
Uning aytishicha, Turkiya mamlakatning bo‘laklanishiga barcha urinishlarning oldini oladi. “Turkiya 780 kvadrat kilometr maydonga ega yaxlit davlatdir”, degan Erdo‘g‘an.
Shu munosabat bilan Erdo‘g‘an Turkiyadagi favqulodda vaziyat tartibining amal qilishiga e'tibor qaratdi. “Turkiyada FV tartibining asosiy maqsadi terrorchilarga qarshi faol kurashdir. Turkiyaning janubi-sharqiy va sharqiy viloyatlarida xavfsizlik va barqarorlik to‘liq tiklanmaguncha men prezident lavozimida o‘z vazifamni uddalay oldim deb ayta olmayman”, deb aytgan Erdo‘g‘an.
U Turkiyaning janubi-sharqiy va sharqiy hududlari ijrochi hokimiyati rahbarlarini terrorchilarning sheriklari tahdidlaridan qo‘rqmaslikka chaqirdi.