Ommaviy madaniyatga qarshi kurashamiz deb, olomon madaniyatini yaratib qo‘ymadikmi?
Erkinlik bo‘lmagan sharoitda yaratilgan aksariyat asarlar iste’dodning emas, qo‘rquv mahsulidir. Unda muallif nimanidir himoya qilmaydi, aksincha, nimadandir himoyalanishga urinadi. Ana shunday muhitni paydo qiluvchi eng muhim sabab senzuradir.
Senzuraning turi ko‘p: asar yaratilgungacha bo‘lgan senzura (badiiy kengashlarimiz buni qoyillatyapti, garchi konstitutsiya aksini talab qilsa ham), asar yaratilgandan keyingi senzura (muallif, muharrir yoki tashkilotchiga «dakki» berib qo‘yish va boshqa takrorlamaslikni «iltimos» qilish), rasmiy senzura (xayriyatki bunisi bizda bekor qilingan), norasmiy senzura (jamiyat yoki shaxsning o‘z-o‘zini senzuralashi), tashqi senzura (davlat va jamiyat bosimi), ichki senzura (og‘zi kuygan yoki og‘zi kuyganlarni ko‘rganlarning o‘z-o‘zini tiyishi). Xullas, senzuraning turi ko‘p. Ayrimlarini birdan ilg‘ab olish qiyin.
Bizda ko‘pincha, ichki senzura kuchliligi haqida gapiriladi. Biroq ichki senzura tashqi senzurasiz uzoq yashamaydi. Ichki senzura hamon yashayotgan ekan, demak tashqi senzura turlicha ko‘rinishlarda bor.
Aksariyatimiz yetarlicha e’tibor qaratmaydigan, ammo eng xavfli, ildiz otsa sug‘urib tashlash benihoya qiyin, hech kim, hatto xalqaro tashkilotlar ham g‘ing deya olmaydigan, ammo istalgan ijodkorni ezib tashlashda foydalanishga qulay senzura shakli ham bor. Bu senzurani jamiyat, aniqrog‘i, olomon amalga oshiradi. Muhimi olomon ichidagi ustamonlar uni yo‘naltirib tursa kifoya. Uning nomi bilan kimlar osilgan, otilgan, yoqilgan, surgun qilingan, badnom etilgan.
Xo‘sh, bu olomon nima qiladi? Aytarli hech narsa. Shunchaki baqirib turadi: vatanfurush, xoin, sotqin, xalq va millat dushmani, milliy va diniy qadriyatlarimizni toptayotgan nokas, «aqidaparast», g‘arbparast, rusparast va hokazo, hokazo. Ana shu so‘zlar qayta-qayta takrorlab turilsa kifoya. Tarixda xuddi shunday bo‘lib kelgan.
Bizda hozir shu bormi yo‘qmi? Bor, albatta! Ommaviy madaniyatga qarshi kurashamiz deb, olomon madaniyatini yaratib qo‘ydik. Olomonda aql ham, axloq ham bo‘lmaydi. Unda faqat tendensiya bo‘ladi. Birgina qoida bor: o‘zingdan avvalgi nima aytgan bo‘lsa, shuni takrorla. Baqirsa — baqir, hangrasa — hangra, so‘ksa — so‘k. Indamay turmasang bo‘ldi.
Qachondir Hamzani toshbo‘ron qilib o‘ldirgan olomon, hozir internetda kimlargadir la’nat toshlarini otyapti. (Yaxshiyamki, virtual olamda, real hayotga ko‘chsa nima bo‘ladi? Ko‘chmasligiga kafolat bormi o‘zi?) “Chora ko‘rilsin”, deb, talab qilib hukumatga yozishadi ham.
Kimga chora ko‘rish? Hech kimning burnini qonatmagan, mol-mulkini tortib olmagan bir qo‘shiqchi yoki aktyor. Yozuvchi shoirlarimiz odob saqlab turishibdi, aniqrog‘i, shunday turishga o‘rgatib qo‘yilgan. Aks holda, ularning ham qanchasi ana shu tarzda olomon qilinardi. Haq-huquqingni buzgan amaldorga qarshi nega o‘sha so‘zlaringni aytolmaysan, nomard deydigan odam yo‘q.
Ichki senzurani gullatib yashnatadigan bundan ortiq mahsuldor muhit bormikan?! Qancha iste’dod o‘z-o‘zini tiyib, o‘zini namoyish qilolmay chiriydi, qancha genial asarlar, fikrlar aytilmay qoladi bu muhitda! Totalitar davlat haqida ko‘p gapiriladi, lekin totalitar jamiyatlar ham bor. Ularda shaxs xatti-harakati jamoa tomonidan norasmiy shaklda mutlaq nazorat qilinadi. Ana shunaqa tur jamiyatga tomon ketmayapmizmikan, deya xavotirga tushadi kishi.
Bizga yoqmagan narsa boshqalarga yoqishi, biz e’tiqod qilmaganga boshqalar e’tiqod qilishi, did masalasida tortishib bo‘lmasligi ochiq-oshkor haqiqat. Shuni qachon tan olamiz!? Buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash (buzg‘unchi g‘oya — buni kayfiyatingizga qarab ta’riflab olaverasiz), ommaviy madaniyatga qarshi kurash kabi shiorlar ostida tolerantlik, plyuralizm unutilmoqda.
Vaholanki, tolerantlik va plyuralizmni milliy mafkuramizning asos g‘oyalaridan biri, deb qabul qilib olganmiz. Boz ustiga, ana shu mafkuramizning maqsadlaridan biri buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashdir deymiz. Olomon bu maqsadni qoyilmaqom qilib uddalayapti. Milliy mafkuramiz deb kitob yozganlar unda konseptual ziddiyat borligini payqamagan yoki tolerantlik va plyuralizm g‘oyalari xo‘jako‘rsinga kiritib qo‘yilgan. Ikkinchisi to‘g‘riroqqa o‘xshayapti.
Kes so‘zingni, ey «Qalam», bas, muncha faryoding yetar,
Ko‘p baqirsang, og‘zingga toshlarni otkay bizni xalq.
(Cho‘lpon)
Xurshid Yo‘ldoshev
Tavsiya etamiz
“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 15:26
Trampni siylagan arablar, muzlatilgan savdo urushi va amalga oshmagan “duel” - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 16:04 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekiston elchisi Andorra knyazi-hamraisiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston | 20:53
-
Putin urushdan qanday chiqishni bilmaydi – Vens
Jahon | 20:50
-
2025 yilning I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi keskin oshdi
Iqtisodiyot | 20:27
-
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin Zelenskiy bilan gaplashdi
Jahon | 20:22
Mavzuga oid

15:43 / 01.05.2025
Madaniyat muassasalari xodimlarining maoshlari miqdori qayta ko‘rib chiqiladi

18:38 / 28.04.2025
Nomoddiy madaniy meros namunalarini ro‘yxatga kiritish bilan bog‘liq reglament tasdiqlandi

15:03 / 15.03.2025
Qoraqalpog‘istonda ilk bor Orol madaniyat sammiti o‘tkaziladi

16:54 / 12.02.2025