Jamiyat | 19:17 / 23.08.2017
10651
3 daqiqa o‘qiladi

“Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi

23 avgust kuni Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida nashr etilgan “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyunda imzolangan   “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida mazkur bayramni “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish belgilab berilgan.

Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi hamkorligida “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!” nomli uslubiy qo‘llanmani nashrdan chiqardi. Qo‘llanmada mustaqillikning buyuk va bebaho ne'mat ekanligini, milliy davlatchiligimiz tarixidagi buyuk ahamiyati, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining ma'no-mazmuni, unda belgilangan vazifalarning mohiyatini ochib berishga alohida e'tibor qaratilgan.

Kitob “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” kabi tamoyil va g‘oyalar asosida tayyorlangan. Unda olimlarimizning milliy mustaqilligimizning tarixiy ahamiyati, davlat boshqaruvi tizimining sifati va samaradorligini oshirish, iqtisodiy islohotlarning natijadorligi, qonun ustuvorligini ta'minlash, yoshlar va ularning muammolari tahlili, xavfsizlik va o‘zaro manfaatli amaliy tashqi siyosat mazmuni, dinlararo bag‘rikenglik va millatlaro totuvlikni ta'minlashdagi davlat siyosatining mazmun-mohiyatini yoritishga qaratilgan o‘ndan ziyod maqolalari o‘rin olgan.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda respublikaning taniqli olimlari, soha mutaxassislari, yoshlar vakillari, targ‘ibotchilar kitobning mazmun mohiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Anjumanda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi xodimlari, professor o‘qituvchilari, olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Mavzuga oid