23:25 / 24.08.2017
20105

Senatorlar yalpi majlisning birinchi kunida 16ta masalani ko‘rib chiqishdi 

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Bugun, 24 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati ma'lumot berishicha, yalpi majlisning birinchi kunida senatorlar 16ta masalani ko‘rib chiqishdi. Ular orasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil bajarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining 10ta qonuni joy oldi.

Xususan, «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi, «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi, «Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari shular jumlasidandir. Qonunlar senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni o‘z ishini yakunladi.

Top