Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Silga qarshi xizmatni takomillashtirishga bag‘ishlangan tadqiqot Davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risida”gi farmoni bilan respublikadagi bir guruh yetakchi mutaxassislar qatorida tibbiyot xodimlari ham mukofotlandi.
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirzag‘olib Tillashayxov, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh fiziatri, tibbiyot fanlari doktori Nargiza Parpiyeva, tibbiyot fanlari nomzodi Vera Belotserkovets “O‘zbekiston Respublikasida aholiga ko‘rsatiladigan silga qarshi xizmatni takomillashtirishning fundamental asosini yaratish” amaliy tadqiqoti uchun fan va texnika sohasida ikkinchi darajali Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Butun dunyo olimlari xavotiriga sabab bo‘layotgan sil kasalligining tarqalishi katta ijtimoiy ahamiyat kasb etib, barcha davlat va hamkor tashkilotlarning diqqat-eʼtiborida bo‘lib kelmoqda. Global muammo tusini olgan mazkur kasallik O‘zbekiston tibbiyot mutaxassislarining ham yangicha yondashuv va davolash tizimi asosida ish tutishlarini taqozo etmoqda.
— Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, yiliga 8,6 million kishi ushbu xastalikka chalinib, 1,43 million bemor silning turli asoratlari tufayli vafot etadi, — deydi tibbiyot fanlari doktori Nargiza Parpiyeva. — Yurtimizda sil kasalligining oldini olish, tashxislash, davolash va epidemiologik kuzatuv tadbirlarini takomillashtirish bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. Ilgari markazimizda haftasiga 4 dona jarrohlik yo‘li bilan davolash usuli o‘tkazilar edi. Bu raqam mavjud ehtiyojga nisbatan juda kam edi. Hozirgi kunga kelib, esa ilmiy markaz klinikasida haftasiga 30 dan ziyod jarrohlik amaliyoti qo‘llanilmoqda. Amalga oshirilayotgan jarrohlik usullarining 60 foizdan ziyodini yuqori texnologiyali davolash usullari tashkil qilayotgani, ayniqsa, e'tiborli. Buning natijasida 2016 yil yakuniga kelib, silning asosiy epidemiologik ko‘rsatkichlari hisoblangan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari 100 ming aholiga nisbatan 2 va 3,5 barobar kamaydi. Ammo bu raqam biz ko‘zlagan natija emas. Oldimizda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar bisyor. Ayniqsa viloyatlar, chekka tumanlar kesimida bajariladigan davolash-profilaktika ishlari sifatini oshirishim lozim.
— Hamkasblarimiz bilan aholiga ko‘rsatiladigan silga qarshi xizmatni takomillashtirishning fundamental asosini yaratish bo‘yicha olib borgan amaliy tadqiqotimiz bugun dunyo tibbiyotini o‘ylantirayotgan dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Mirzag‘olib Tillashayxov. — Ushbu ilmiy ish Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, Davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgani bizga bildirilgan katta ishonchdir. Aytish o‘rinli, mamlakatimizda sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi bugun 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e'tirof etishga arzirli yutug‘imiz, JSST ma'lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin olgani bo‘ldi. Mamlakatimizda xalq salomatligi yo‘lida chin yurakdan mehnat qilgan shifokor el nazarida, Prezidentimiz e'tiborida bo‘lishini bugun yana bir karra his etdik. O‘z faoliyatimizni ushbu mas'uliyatni chuqur his qilgan holda davom ettiramiz.
Eng muhimi, ana shunday ijobiy o‘zgarishlar asosida odamlarimizning dunyoqarashi, ongu tafakkuri yuksalmoqda, ularning hayotga, mehnatga, yon-atrofdagi voqea-hodislarga munosabati tubdan o‘zgarmoqda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga, ertangi kuniga bo‘lgan ishonch tobora mustahkamlanmoqda.
Mavzuga oid
22:06 / 10.06.2026
Mutaxassislar 8 soatlik uyqu haqidagi afsonani rad qildi: aslida qancha uxlash kerak?
20:10 / 02.06.2026
Olimlar havodagi plastik zarralari yashirin xavf ekanini aniqladi
22:32 / 01.06.2026
Har kuni qahva ichishning salomatlik uchun 4 ta foydasi
17:17 / 31.05.2026