Jahon | 19:43 / 28.08.2017
5018
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston, Xitoy, Pokiston va Afg‘oniston to‘rt tomonlama hamkorlik tizimini yaratadilar  

Foto: President.tj

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 28 avgustda Afg‘oniston, Pokiston va Xitoy qurolli kuchlari bosh shtablari boshliqlari bilan uchrashdi. Uchrashuvlardagi bosh mavzu Afg‘onistondagi vaziyat, jumladan Afg‘oniston, Xitoy, Tojikiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik tizimini yaratish bo‘ldi.   

Rahmonning Afg‘oniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Sharif Yaftaliy bilan uchrashuvida Afg‘oniston bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash Tojikiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb ataldi va Tojikiston Afg‘oniston bilan barcha manfaatli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanligi ta'kidlab o‘tildi. 

Uchrashuvda, shuningdek, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasida 4 tomonlama tizimni yaratish muhim choralardan biri sifatida aytildi va bu tashabbusning imkoni boricha tezroq amalga oshirilishi Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning muhim omili bo‘lishi qayd qilib o‘tildi.

Rahmonning Xitoy qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Li Zo Chen bilan uchrashuvida Tojikiston va Xitoyning harbiy-texnik hamkorligi va xavfsizlik bo‘yicha o‘zaro harakatlari joriy holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tojikiston va Xitoyning terrorchilik, radikallik va ayirmachilikka qarshi kurashdagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorligining muhimligi ta'kidlab o‘tildi.

Tojikiston prezidentining Pokiston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Kamar Jovid Bajvu bilan uchrashuvida ko‘plab davlatlar, ayniqsa musulmon davlatlarda barqarorsizlik va notinchlik bilan bog‘liq hamda boshqa ko‘plab muhim xalqaro masalalar ko‘rib chiqildi.

Tojikistonning barcha davlatlar, jumladan Pokiston bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biri mintaqaviy va xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta'minlash va uni mustahkamlash hisoblanishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyatni normallashtirish, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash, davlat chegaralarini mustahkamlash yo‘nalishida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid