00:43 / 30.08.2017
21578

Boks, JCh–2017: Qo‘nqaboyev Osiyo chempionati finali uchun revansh oldi - Bahodir Jalolov yengildi

Foto: AIBA

Germaniyaning Hamburg shahrida boks bo‘yicha AIBA shafeligi ostida o‘tkazilayotgan jahon chempionati chorakfinal o‘yinlari tugadi. Ma'lumki, bugun bo‘lib o‘tgan chorakfinal janglarida to‘qqiz nafar bokschimiz qatnashdi.

91 kg.dan ortiq vaznli bokschilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda hamyurtimiz Bahodir Jalolov qozog‘istonlik Qamchibek Qo‘nqaboyevga qarshi ringga chiqdi va 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Qamchibek Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati finalida ham Bahodirga raqiblik qilgan edi. O‘shanda Bahodir uni yengib, Osiyo chempioni bo‘lgan edi.

Hakamlarning ushbu jangga raundlar bo‘yicha qo‘yilgan yakuniy bali quyidagicha bo‘ldi:

Rossiya - 28:29, Fiji - 28:29, Argentina - 29:28, Kanada - 29:28, Vengriya - 28:29

Bahodir Jalolov bugun musobaqani chorakfinalda tark etgan uchinchi bokschimiz bo‘ldi.

Undan tashqari, 75 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Isroil Madrimov AQSh vakili Troy Aysliga qarshi ringga ko‘tarildi va ochkolar bo‘yicha 2:3 hisobida yengildi.

60 kg.gacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida kechgan jangda esa hamyurtimiz Elnur Abduraimov gurjistonlik bokschi Otar Eranosyanga 5:0 hisobida yutqazdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun vakillarimiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan avvalgi janglarda

49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov  hindistonlik Amit Kumarni 5:0,

64 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Iqboljon Xoldorov germaniyalik Artyom Harityunyanni 3:2,

91 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Sanjar Tursunov niderlandiyalik Roy Korvingni 4:1,

52 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Jasurbek Latipov kolumbiyalik Seyber Avilani 4:1,

69 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Shahram G‘iyosov angliyalik Pet MakKormakni 5:0,

81 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev qozog‘istonlik Yerik Aljanovni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edi.

Yarimfinal uchrashuvlari 31 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Bokschilarimizning yarimfinaldagi raqiblari va uchrashuvlar bo‘lib o‘tadigan vaqtni keyinroq ma'lum qilamiz.

Mavzu
Boks. JCh-2017

25 avgust kuni Germaniyaning Hamburg shahrida Boks dunyosining 2017 yilgi eng nufuzli musobaqasiga start berildi. 25 avgustdan 2 sentabrgacha Hamburg shahri AIBA World Boxing Championship-2017 musobaqasiga mezbonlik qiladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi kamsonli mamlakatlar singari to‘liq tarkibda ishtirok etadi. 

Barchasi
Top