22:25 / 30.08.2017
86686

Yo‘q joydan paydo bo‘lgan o‘zbek-tojik biznesi: Xavfi ham, oqibati ham o‘zingga

Foto: Asia-Plus

O‘zbek-tojik biznesining rivojlanishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin? Viza rejimidan tashqari yana bir qator holatlar mavjud. Ulardan biri — biz turli darajadagi rivojlanish bosqichida ekanligimiz... — deb yozadi Tojikistonning Asia-Plus media guruhi.

O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga yangi prezident Shavkat Mirziyoyev kelgach va uning hukumati qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash tomon harakat boshlaganidan so‘ng Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida tovar aylanmasi keskin osha boshladi. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, biz o‘zaro 60 million dollarga yaqin savdo-sotiq qilganmiz, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘p degani.

Bizning respublikamiz bilan tovar ayriboshlash strukturasida O‘zbekiston Eron va Afg‘oniston kabi davlatlardan o‘zdi va ayni paytda Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Turkiyadan keyin beshinchi o‘rinda turibdi. Tojik mulozimlarining so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar «kundan kunga yaxshilanib bormoqda».

 

Biznes uchun imkoniyatlar juda keng. Hozircha faqat O‘zbekistonda...

Lekin ayni paytda Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida bor-yo‘g‘i ikkita nazorat-o‘tkazish punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tojikistondagilar yaqin kelajakda yana qo‘shimcha punktlar ochilishini aytishmoqda.

Foto: Asia-Plus

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash maqsadida shu yilning boshida Dushanbeda ilk marta O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Javob ko‘rgazmasi Toshkentda sentabr oyida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

 

Hammasi go‘yoki yaxshidek. Ammo...

Tojikistonlik iqtisodiy sharhlovchi Safar Nurali ayni paytda O‘zbekiston iqtisodiyoti va kompaniyalari Tojikiston bilan savdo-sotiq qilish uchun yaxshiroq tayyorlanganini ta'kidlaydi.

Uning fikricha, bu fakt kichik kapitalizatsiyasi va iqtisodiyotning turli sohalarida diversifaksiya yo‘qligi nuqtai nazaridan tojik biznesi uchun ma'lum bir xatar tug‘diradi.

— 2016 yilda Tojikiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 6.8 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan, O‘zbekistonning YaIMi esa — 67.2 mlrd dollar atrofida. Bizning mamlakatimiz 2016 yilda 0,9 mlrd. dollarlik mahsulot eksport qilib, 3,3 mlrd. dollarga yarasha import qilgan.

O‘zbekistonda esa shu davr ichida ko‘rsatkichlar quyidagicha: 12,5 mlrd. dollar eksport qilgan va 12,1 mlrd. dollar import, — deydi iqtisodchi. — Qo‘shnimizning oltin-valyuta zaxiralari taxminan 20 mlrd. dollarga teng, bizda esa u norasmiy baholashlarga ko‘ra, importning 3 oyiga, ya'ni 0,6 mlrd. dollarga teng.  

Bu yilning birinchi yarim yilligida tojik-o‘zbek ikkitomonlama tovar ayriboshlash hajmi 59 mln. dollarni tashkil etdi. Umumiy savdo aylanmasida 34 mln. dollardan ziyodroq mablag‘ o‘zbek mahsulotlarini Tojikistonga import qilish, 24 mln.dan ortiqroq summa esa Tojikiston mahsulotlarini eksport qilishga to‘g‘ri keladi.

Nuralining fikricha, ikki davlat o‘rtasida faol savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun mamlakatlar o‘rtasida 2000-yillar boshida joriy etilgan viza rejimi faol hamkorlik, tovarlar, inson resurslari va kapitalning ochiq harakatiga jiddiy tarzda xalaqit qilmoqda.

— Keyingi muhim vaziyat — Tojikistondagi valyuta ayriboshlash kursining rasmiysi ham, tijoriysi ham deyarli bir xilligi, tebranishlar esa deyarli sezilmas, — deya davom etadi ekspert. — O‘zbekistonda esa rasmiy kurs hamda “qora bozor” kursi bor va u rasmiysidan deyarli 2 barobar yuqori. Shunday qilib, rasmiy konvertatsiyaga ega o‘zbek kompaniyalari bunday ruxsati yo‘qlarga nisbatan ikki barobar ko‘proq foyda qilishlari mumkin. O‘zbekistonda o‘z mahsulotlarini sotadigan Tojikiston kompaniyalariga ham bunday imtiyoz berilishi — katta savol.

Shuningdek, Tojikistondan O‘zbekistonga pul o‘tkazishda qo‘shni davlat kompaniyalarda ham qiyinchiliklar vujudga keladi.

 

Plyuslar ham bor, lekin istiqbolda...

— Davlatlar orasida hanuzgacha davlat chegaralarini demarkatsiya qilish masalasi turibdi, — deya davom etdi Safar Nurali, — O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida temiryo‘l qatnovi yo‘q.

“ Tarixan So‘g‘d viloyati boshqa hududlarga nisbatan O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq, shu sababli aynan shu yerda savdo aloqalari tezroq yo‘lga qo‘yilsa kerak, — deydi ekspert. — Lekin bularning barchasiga viza rejimi to‘liq bekor qilinganidan so‘ng erishish mumkin”.

— Shuningdek, tan olish kerakki, Tojikistonda O‘zbekiston kompaniyalari bilan raqobat qila oladigan korxonalar juda kam, ayniqsa, sanoat ishlab chiqarish sohasida. Cheklangan kapital, eski texnologiya va eskirgan uskunalarga ega, eksport salohiyatini zarur darajada taklif qila olmaydigan tojik kompaniyalaridan farqli o‘laroq, o‘zbek kompaniyalari davlatdan jiddiy yordam olishadi. Bu tomondan biz aniq yutqazamiz, — deydi Nurali.

Ekspertning ta'kidlashicha, boshqa tomondan olib qaralsa, O‘zbekiston bozori deyarli 4 barobar katta va u tojik biznesi uchun istiqbol eshiklarini ochadi, lekin baribir kuchsiz tizimli qo‘llov, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, milliy kompaniyalarning nou-hau va texnologiyaligiga borib taqaladi.

Tojik ishbilarmonlari O‘zbekistondan mahsulotlarni
kontrabanda yo‘li
bilan olib kirishni ma'qul ko‘rishadi
Foto: Asia-Plus

 

«O‘nlab yillar kerak bo‘ladi»

Viza munosbatlari haqida alohida suhbat qilishni lozimni topdik, chunki u barcha yo‘nalishlarda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yo‘lida eng asosiy to‘siq bo‘lib turibdi. Bu haqda tojik va o‘zbek ishbilarmonlarining fikrlari bilan qiziqdik.

O‘zbekiston yangi yuz yillikning nolinchi yillarigacha Tojikistonning asosiy savdo hamkor bo‘lgan. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi yillik savdo hajmi yarim milliard dollardan ham oshardi. 2007 yilga kelib tojik-o‘zbek tovar ayriboshlashi hajmi 300 mln. dollargacha kamaydi, 2014 yilga kelib u 100 mln. dollarni ham tashkil etmay qoldi.

So‘g‘dlik ishbilarmon Aziz Teshayev O‘zbekistondan Tojikistonga poyafzal uchun charm olib kirish bilan shug‘ullanadi. So‘nggi vaqtlar ichida u ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda aytarli yaxshilanishni his qilganicha yo‘q.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari O‘zbekiston hukumati Tojikistonga charm eksportiga ruxsat bermagan va u So‘g‘dga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan. Hozir Toshkent ruxsat bergani bilan, endi bojxona, soliq, militsiya va chegarachilarga to‘lovlar joriy etilgan...

— Yaxshisi, ilgaridek kontrabanda yo‘li bilan olib kiravergan ma'qul: shunday tashvish va xarajat kamroq bo‘ladi, — deydi Teshayev.

Tojikistonlik biznesmen To‘ra Xolmahmadov Dushanbedan Surxondaryo viloyatiga atlas va adras eksport qiladi. U pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qiladi.

— Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida hattoki oddiy pochta orqali pul jo‘natmalari o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, katta miqdordagi naqd pul bilan bitim tuzishga kirishish esa juda xatarli. Ikki davlatning bank tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik nol darajada, — dedi u.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, «qo‘shnilar biz haqimizda, iqtisodiyotimiz to‘g‘risida, bizning sanoat, savdo va investitsiyadagi imkoniyatlarimiz borasida hech narsa bilishmaydi. Binobarin, biznes ham olinga siljimayapti».

Toshkentlik ishbilarmon Jonibek Ismatullayev yil boshidan buyon Tojikiston bozoriga savdo markazlari uchun muzlatkich sotishni yo‘lga qo‘ygan. Uning aytishicha, hozircha u barcha xavf-xatar va oqibatlarni o‘z zimmasiga olib ishlamoqda. Barchasiga sabab esa...

— Toshkent va Dushanbe o‘rtasida ishbilarmonlar va investorlar huquqlarini ikkitomonlama himoya qilish uchun shartnomaviy-huquqiy baza mutlaqo mavjud emas. Ikkitomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish uchun hoziroq davlatlarimiz poytaxtlarida savdo-iqtisodiy vakolatxonalar ochish, o‘zbek-tojik ishbilarmonlik jamg‘armasi tuzilishi kerak, — deydi Ismatullayev.

Uning vatandoshi, Qarshi shahrilik ishbilarmon Qosimberdi Xoliqov maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari uchun mebel ishlab chiqaruvchi korxonani boshqaradi.

O‘tgan yilning oxiridan beri u tojik bozoriga kirish uchun muvaffaqiyatsiz urinib keladi.

— Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida tobora tezlashib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalar ayni paytda faqat davlat korxonalari va yirik kompaniyalarnigina qamrab olgan. O‘rta va kichik biznes vakillari bu sohaga kirishlari uchun hali o‘nlab yillar talab etilsa kerak, — deya gapirdi u ishonch bilan.

Top