Jahon | 23:12 / 03.09.2017
16407
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Iroqqa Saddam Husaynga tegishli bo‘lgan qadimiy shaxmatni qaytarib berdi

Foto: iraqinews.com

Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husaynga tegishli bo‘lgan va 2003 yilda AQShning Iroqqa bostirib kirishi vaqtida o‘g‘irlangan qadimiy shaxmatlar Iroqqa qaytarildi. Bu haqda Al Sumaria telekanali xabar bermoqda.

Shaxmat Iroqqa AQShning Bag‘doddagi elchixonasi tomondan topshirilgan.  

Ma'lum qilinishicha,. Amerikalik diplomatlar qadimiy buyumni Iroqqa qaytarish uchun Iroq madaniyat va qadimiyliklar vaziri o‘rinbosari Qays Rashid bilan uchrashganlar. “Saddam Husayn shaxmati 2003 yilda o‘g‘irlangan va FQB sa'y-harakatlari bilan topilgan. AQSh Iroqda o‘g‘irlangan qadimiy buyumlarni qaytarishda yordam berishga intilmoqda”, deb aytilgan elchixona bayonotida. 

Shaxmat yog‘ochdan ishlangan va tilla suv yugurtirilgan, yarim qimmatbaho toshlar bilan bezalgan naqshinkor shaxmat taxtasidan iborat. Shaxmat donalari esa tillarang va kumushrang metallardan yasalgan va nayza, qilich va qalqonlarga ega jangchilar ko‘rinishida ishlangan. Suratlarga ko‘ra, donalarning asosi feruza yoki marvarid bilan bezalgan. Shunisi ma'lumki, shaxmat Husayn saroyidan o‘g‘irlangan. U shu barcha yillar qayerda saqlangani va qanday qilib qaytarilgani ma'lum qilinmagan.

AQSh Iroqqa bostirib kirgandan keyin Iroqdagi qadimiyliklar saqlanadigan joylar ommaviy tarzda talangan. Bag‘dod milliy muzeyining o‘zidan qiymatini baholab bo‘lmaydigan minglab eeksponatlar yo‘qolgan. Husayn saroylarida saqlangan o‘nlab qimmatli sovg‘alar o‘g‘irlangan. Nafaqat muzeylar, balki masjid, cherkov va ko‘plab arxeologik qazilmalar joylari ham talangan. Hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2003-2004 yillarda Iroqdan 130 mingta madaniy-tarixiy buyum olib chiqib ketilgan. Ulardan aksariyati AQShda bo‘lib, Iroqqa bir qismigina qaytarilgan.

Iroqda tarixiy meros buyumlarining talon-taroj qilinishi Iroqning katta qismini 2014 yilda IShID egallab olgandan keyin davom etgan. Jangarilar Iroq san'at asarlarining noqonuniy bozorlarga bosh “yetkazib beruvchilari”ga aylanganlar. Ko‘plab qadimiy asori-atiqalar, arxitektura yodgorliklari, haykallar va ibodatxonalar jangarilar tomondan yo‘q qilib tashlangan va abadulabad Yaqin Sharq qadimiyliklari xaritasidan yo‘qolgan.

Mavzuga oid