Fuqarolar va yuridik shaxslar huquq hamda erkinliklarini samarali himoya qilish – sudlarning asosiy vazifasi
Bugungi kunda mamlakatimizda sudlarning asosiy vazifasi bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq — erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida sudlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi xolisligi va mustaqilligi kafolatlari huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va shu yil 7 fevralda qabul qilingan 2017 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.
Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Shu asosda o‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yettita moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur dasturiy hujjat va Prezidentimiz imzolagan tegishli qonun, farmon, qaror va farmoyishlar ijrosi doirasida yurtimizda sud-huquq tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.
Xususan, sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolik, jinoyat ishlari, ma'muriy va iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolarni, shuningdek, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan shahar va tuman ma'muriy sudlari tashkil etildi.
Yana bir e'tiborli jihati shundaki, sud organlari tomonidan ayni bir vazifani takrorlash holatlariga barham berildi. Ya'ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va Toshkent shahar sudlarining ishlarni nazorat tartibida ko‘rish vakolatlari bekor qilindi.
Bu, o‘z navbatida, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini nazorat tartibida ko‘rib chiqish tartibini tezlashtirib, odil sudlovga erishish darajasini oshirdi va eng muhimi, fuqarolarning ustuvor konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamlashga huquqiy zamin yaratdi.
Natijada, 2017 yil 1 iyundan shu kunga qadar Oliy sud tomonidan 67 ta fuqarolik ishi, 77 ta jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, o‘tgan uch oy davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 59 nafar shaxs oqlandi.
Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini samarali himoya qilish maqsadida esa, xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlarga aylantirildi va ayni paytda ular tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari maqomida faoliyat yuritmoqda. Bunday o‘zgarishlar, birinchi navbatda, yurtimizning olis hududlarida yashayotgan fuqarolarning ham odil sudlovga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Harbiy sudlar Mudofaa vazirligi tarkibidan chiqarilib, Oliy sud tizimiga o‘tkazilganligi ham sud hokimiyati mustaqilligi prinsipiga amal qilinishida muhim omil bo‘ldi.
Ayni paytda ma'muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, sud jarayonida tortishuv prinsipini to‘laqonli joriy etish, aholiga ko‘rsatilayotgan yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash borasidagi ishlar yanada takomillashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 iyun kuni Toshkent shahrida sud organlari tizimida odil sudlovni ta'minlash borasidagi ishlarning ahvoli, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga doir istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzasi sud tizimi xodimlari uchun tarixiy ahamiyatga molik voqea bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sudlar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida barcha darajadagi sudlar raislari, shu jumladan, Oliy sud raisi va o‘rinbosarlari tomonidan yurtimizning eng chekka hududlarigacha borib, o‘tgan qisqa davrda 1 ming 625 ta sayyor qabul va fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, sud organlari hamda sudyalarning xalq ishonchini qozonishi, odil sudlov jarayonlarida adolat, qonuniylik va insonparvarlik tamoyillari ustuvorligini ta'minlashida muhim omil bo‘lmoqda.
Nega deganda, ana shu ochiq muloqotlar va sayyor qabullar doirasida fuqarolarning huquqiy masalalarda tushuntirish berish yo yordam so‘rab yoki sud qarorlari va ajrimlaridan norozi bo‘lgan, pentsiya va ish haqi, oilaviy munosabatlar, aliment, meros huquqi, sud qarorlari ijrosi va boshqa shu kabi ko‘plab masalalar yuzasidan murojaatlarining aksariyat qismi ijobiy hal etilmoqda.
Aytish kerakki, davlatimiz rahbari o‘z ma'ruzasida sohada yo‘lga qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ro‘y-rost ko‘rsatish bilan bir qatorda, istiqboldagi ustuvor vazifalarni ham belgilab berdi. Shunday muhim vazifalardan biri — sudyalarning o‘z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi bilan bog‘liq amaliyotni yo‘lga qo‘yishdir.
O‘tgan davrda sud raislari tomonidan xalq deputatlari tuman va viloyatlar Kengashlarida 327 marta axborot taqdim etildi. Eng muhimi, sud raislari xalq vakillari oldida bergan axborotlarida joylardagi rahbarlar e'tiborini jinoyatchilik holati, uning oldini olish, turli oilaviy va boshqa nizolarni bartaraf etishga qaratishdi va bu kelgusida albatta, o‘zining ijobiy natijasini berishi muqarrar.
Ayni chog‘da, joylarda sayyor sud majlislarining tobora keng ko‘lamda o‘tkazilayotgani ham jamoatchiligimiz tomonidan ijobiy kutib olindi.
Sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mahallalar va mehnat jamoalarida 45 mingtadan ortiq ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sudyalar tomonidan xalq bilan uchrashuv, ochiq muloqotlarda «Harakatlar strategiyasi»ni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgan qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bilan bog‘liq vazifalarning tub mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.
Mamlakatimiz sud tizimi rahbarlari va sudyalari bilan aholi o‘rtasida shu kabi ochiq muloqotlarning doimiy o‘tkazilishi, bir tomondan, joylarda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashda amaliy natijalarga erishish imkonini berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, joriy yil 1 aprelda kuchga kirgan «Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimiz sud-huquq tizimi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Bu, ayniqsa, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish, jamiyatda qonuniylikni ta'minlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi kafolatlarini ta'minlash, shuningdek, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimizning joriy yilning 21 fevralida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida esa, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, sud tizimi va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tarixiy o‘zgarishlar nazarda tutilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, sudyalar hamjamiyatining yangi organi hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — yurtimizda sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta'minlashga ko‘maklashadigan hamda nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas'ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirishdir.
Binobarin, adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, mustaqil, turli xil ta'sirlarga qarshi tura oladigan yuksak malakali, hayot tajribasiga ega sudyalar korpusini shakllantirish bugungi kunning talabi hisoblanadi. Mamlakatimiz rahbari o‘z ma'ruzasida sud xodimlari oldiga bu borada qat'iy va adolatli mezonlarni belgilab berdi. Ya'ni sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik bo‘lishi kerakligini qayd etdilar.
Hozirgi vaqtda sud tizimida ishlaydigan xodimlarning tarkibi davr talablari negizida ko‘rib chiqilmoqda, maxsus ta'lim muassasasi — Odil sudlov akademiyasini tashkil etish bo‘yicha qizg‘in ishlar davom ettirilmoqda. Bular, albatta, sohani zarur talablarga javob beradigan munosib kadrlar bilan to‘ldirishda katta o‘rin tutadi.
Albatta, har qanday soha faoliyatining rivojida tanqidiy-tahliliy yondashuv o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Oliy sud Plenumining 2017 yil 24 iyundagi qarori bilan “Chora-tadbirlar rejasi va tizim zimmasiga yuklangan vazifalarni zudlik bilan hal etishga qaratilgan ”Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda rejalashtirilgan tadbirlar ijrosi ta'minlanmoqda.
Uzoq vaqtdan buyon o‘z qonuniy yechimini topmagan ayrim og‘ir toifadagi jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy ishlarni Oliy sudda birinchi instansiyada ko‘rish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 7 ta jinoyat ishi, 8 ta fuqarolik va 4 ta iqtisodiy ishlar ko‘rib tamomlandi.
O‘z navbatida, jazo tayinlash amaliyotidagi o‘zgarishlar xususida gap borganda, avvalo, o‘tgan davrda 745 nafar shaxs sud zalidan hibsdan ozod etilganligi, 2 ming 369 nafar shaxs — jazoni o‘tash joylaridan shartli ravishda muddatdan oldin ozod etilganligi, 1 ming 490 nafar shaxsga nisbatan belgilangan jazo choralari yengil jazo bilan almashtirilgani xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yiqilganni suyash kabi azaliy qadriyatlarning amaliy ifodasidir.
Shuningdek, bu jazodan ko‘zlangan maqsad — shaxsni qiynash, jazolash emas, balki uni tarbiyalash, jamiyatimizning sog‘lom fikrli a'zosiga aylantirishga qaratilgan davlatimiz siyosatining yana bir amaliy ko‘rinishidir.
Prezidentimiz davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i bo‘lgan sud tizimining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta ekanini alohida ta'kidlab kelayotgani bejiz emas. Shu nuqta nazardan, ayni vaqtda jinoyatchilikning oldini olish va bu boradagi ishlarni mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislarida ko‘rish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan tegishli tushuntirish, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar natijasida jamiyatimizda jinoyatchilik tobora kamayayotganligi o‘ta muhimdir.
Sudlar faoliyatidagi oshkoralik, ochiqlik ham bevosita adolatli qarorlar chiqarilishiga va natijada elu-yurt nazdida, sudning nufuzi oshishiga olib keladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, sudlarning bugungi asosiy vazifasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishni ta'minlash, sudni tom ma'noda adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdan iboratdir.
Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot kotibi
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024