“Ushbu davlat xizmatchilari mamlakatimizga sharaf bilan xizmat qilishdi, ular asossiz hamda siyosiy motivlar bilan qilingan ta’qiblar qurboni bo‘lmasligi kerak”, — deyiladi Bayden ma’muriyati bayonotida.
Bayden ushbu shaxslarni afv etish ularni biror bir jinoyatda aybdor deb tan olishni anglatmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, u koronavirus pandemiyasi davrida Oq uyga harakatlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashgan olim Entoni Fauchini va iste’fodagi general, Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasining sobiq raisi Mark Millini ham afv etdi. Fauchi Donald Tramp tomonidan muntazam ravishda tanqidga uchrab kelgan bo‘lsa, iste’fodagi general Milli Trampni “iligi-yu suyagigacha fashist” va xavfli shaxs deb ta’riflagandi.
Bir necha soatdan so‘ng, mehmonlar AQShning 47 prezidenti inauguratsiyasi uchun Kapitoliyga to‘planganida, Oq uy yana bir afv hujjatini e’lon qildi. Bu safar Bayden o‘z oilasining besh a’zosini oldindan afv etdi.
“Oila-a’zolarim, aslida, faqat menga zarar yetkazishga qaratilgan hujumlar va tahdidlarga duchor bo‘ldi — bu partiyaviy siyosatning eng yomon misoli. Afsuski, bu hujumlar to‘xtashiga ishonchim komil emas”, — deb ta’kidlangan Baydenning Oq uy veb-saytida e’lon qilingan bayonotida.
Xususan, tegishli farmon bilan Baydenning akasi Jyeyms Bayden va uning rafiqasi Sara Jons Bayden, singlisi Valeri Bayden Ouens va uning turmush o‘rtog‘i Jon Ouens, shuningdek ukasi Frensis Bayden afv etildi.
Ularning hech biriga qarshi birorta jinoyat bo‘yicha rasman tergov boshlanmagan. Ammo ayrim respublikachilar ular Bayden davrida foyda ko‘rishganini da’vo qilib keladi.
Afv haqidagi farmonda “Jyeyms Bayden va uning boshqa oila a’zolari 2014 yil 1 yanvardan boshlab ushbu afv berilgan sanagacha (2024 yil, 19 yanvar) AQShga qarshi uyushtirgan yoki ishtirok etgan har qanday zo‘ravonliksiz jinoyatlari uchun kechiriladi” deyilgan.
“Jyeyms va Sara Bayden hech qanday jinoyat sodir etmagani uchun bu afvni so‘ragani yo‘q. Biroq prezident aytgan sabablarga ko‘ra, ular buni qabul qilishga rozi bo‘ldi”, — dedi ularning advokati ABC News’ga.
Yuqoridagi shaxslarni oldindan afv etishdan tashqari, Bayden allaqachon jazo muddatini o‘tayotgan ikki mahkumni ham afv etdi, yana bir kishining hukmini yengillashtirdi.
















