Jamiyat | 12:00 / 12.09.2017
10554
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan firibgar ashyoviy dalil bilan ushlandi

Kitob tumanida yashovchi fuqaro B.Egamberdiyev ukasining hujjatlarini topshirish uchun Qarshi davlat universitetiga kelganida “hojatbarorlar”ga yo‘liqdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

-  Ukangizning bilimi zo‘r bo‘lsayam, pulsiz o‘qishga kirishning imkoni yo‘q.

B.Egamberdiyev qarshisida turgan yigitning so‘zlariga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, biroz ikkilanib qoldi.

-  Shahardagi “Xontepa” mahallasida Oyto‘la ismli ayol yashaydi, - dedi yana kimdir. – Shu ayolning universitetda ishlovchi Sherzod ismli jiyani bor. Ana shu yigit kim o‘qishga kirmoqchi bo‘lsa, yordam bera oladi.

B.Egamberdiyev erinmay Sherzodni izlab topdi. Unga maqsadini tushuntirib, bu masalada yordam berishini so‘radi. Sherzod biroz jim turdi-da, salmoqlab gap boshladi.

-  Davlat test markazida yaqin tanishlarim bor, aka. Faqat xarajati bor. Agar 3000 AQSh dollari bersangiz, ukangizni talaba deb hisoblayverishingiz mumkin. Bunga o‘zim kafilman.

B.Egamberdiyev Sherzodning so‘zlarini eshitib, o‘yga toldi. 3000 AQSh dollari! Umrida buncha pulni ushlab ko‘rmagan. Keyin ukasining o‘qishga astoydil tayyorgarlik ko‘rgani yodiga tushdi. Qarshisida turgan yigit firibgarlik qilayotganini ham seza boshladi. Sherzodga o‘ylab ko‘rishini aytib, u bilan xayrlashdi. Keyin bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma'lum qildi.

B.Egamberdiyevning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda Sherzod Qambarov hamtovog‘i Jamshid Ko‘charov bilan 3000 AQSh dollari hisobidan 3 mln so‘mni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Mazkur holat bo‘yicha sud hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid