Aniqlanishicha, ohangaronlik 20 yoshli yigit hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Telegram orqali akkaunt sotib olish maqsadida noma’lum shaxsning bank kartasiga 9 million so‘m pul o‘tkazganini, ammo va’da qilingan akkaunt berilgach, bir kundan keyin qaytarib olinganini ma’lum qilib qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu qilmishni Navoiy viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani aniqlangan va u protsessual tartibda ushlangan. U Telegram'dagi turli kanallarda e’lon joylashtirib, akkauntlarni sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirib, ularni bir kunga sinov tariqasida foydalantirib, keyin esa akkaunt parollarini o‘zgartirib, pullarni o‘zlashtirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan 2005 y.t (D.F) shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.











