Sport | 10:53 / 13.09.2017
14360
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA prezidenti Umid Ahmadjonovni Shveytsariyaga taklif etdi

Xalqaro Futbol Federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 12 sentabr kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti etib saylangan Umid Ahmadjonovga tabrik maktubini yo‘lladi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar bergan.

«Hurmatli Umid Ahmadjonov! Sizni 2017–2021 yillar uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti etib saylanganingiz bilan chin yurakdan tabriklayman va eng ezgu tilaklarni bildiraman. Sizning chuqur bilimingiz hamda «Paxtakor» FK vitse-prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti kabi lavozimlarda ishlab to‘plagan ko‘p yillik tajribangiz mamlakatingizda futbolning barqaror rivojiga hissa qo‘shishiga ishonaman.

Oldingizga qo‘ygan maqsadlarga erishish yo‘lida men va FIFAning daldasiga tayanishingiz mumkin. Futbol va uning boshqaruvini muhokama qilishni istasangiz, FIFA eshiklari Siz uchun doimo ochiq bo‘ladi. Sizni Tsyurix (Shveytsariya)ga tez orada taklif qilishdan va FIFA tizimi bilan tanishtirishdan mamnun bo‘laman. FIFA vakillari Siz bilan shu kunlarda bog‘lanib, tashrif vaqtini muhokama qiladi.

Shu o‘rinda, Siz bilan birgalikda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a'zolari etib saylangan hamkasblaringizga tabriklarimni yetkazib qo‘yishingizni so‘rayman. Sizga omad, kuch va muvaffaqiyat tilagan holda tez orada uchrashib, tabrigimni shaxsan yetkazishga umid qilib qolaman», – deyiladi FIFA prezidentining tabrigida.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim al-Halifa Umid Ahmadjonovni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti etib saylagani bilan tabriklagan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid