Sport | 09:50
2836
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA rahbari Rossiya jamoalariga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashga chaqirdi

FIFA prezidenti Janni Infantino Rossiya jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatishni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblaydi. Infantino Sky News’ga intervyu bergan, undan parchalarni telekanal dushanba, 2 fevral kuni e’lon qildi.

Foto: Sky News

«Biz buni qilishimiz kerak. Albatta. Chunki bu taqiq hech narsa bermadi, faqat yanada ko‘proq ko‘ngil qolish va nafratni keltirib chiqardi», — deya hisoblaydi Infantino.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «agar Rossiyadan bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar Yevropaning boshqa qismlarida futbol o‘ynay olsa», bu foydali bo‘lar edi.

Infantino, shuningdek, Isroilning turnirlarda qatnashishini taqiqlashga ham qarshi — bunday qaror «mag‘lubiyat» ekanini aytdi.

FIFA rahbarining fikricha, tashkilot qoidalarni o‘zgartirish imkoniyatini ko‘rib chiqib, «ustavimizda shunday normani mustahkamlab qo‘yishimiz kerakki, biz hech qachon biror davlatga uning siyosiy yetakchilarining harakatlari sabab futbol o‘ynashni taqiqlamasligimiz lozim». Uning fikricha, futbol orqali «aloqalarni saqlab qolish» kerak.

Shu orada Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa Infantinoning Rossiya jamoalariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash chaqirig‘ini sharhlar ekan, uni «axloqan tubanlashgan» deb atadi. «Ukrainaning 679 nafar qizi va o‘g‘il bolasi hech qachon futbol o‘ynay olmaydi — Rossiya ularni o‘ldirdi. Va u yanada ko‘proq odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda, bir paytning o‘zida axloqan tubanlar Rossiya urushini tugata olmayotganiga qaramay taqiqlarni bekor qilishni taklif qilmoqda», — deb yozdi diplomat X mikrobloglar tarmog‘ida. «Kelajak avlodlar buni 1936 yilgi Olimpiada o‘yinlarini eslatuvchi sharmandalik deb hisoblaydi», — deya xulosa qildi Sibixa.

Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga to‘laqonli hujum boshlaganidan keyin FIFA va Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi — UYeFA shafeligi ostidagi musobaqalardan chetlatilgan. The Times nashri aniqlashtirishicha, FIFA kengashi hozircha qayta kiritish masalasi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazishni rejalashtirmayapti.

2023 yilda FIFA 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar (U-17) darajasida Rossiyaga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, ammo amalda cheklovlar kuchida qoldi: mamlakatning yoshlar jamoalari UYeFA saralash turnirlaridan o‘ta olmaydi. Jumladan, Angliya, Ukraina, Polsha va Shvetsiya Rossiya jamoalariga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid