O‘zbekiston | 23:03 / 16.09.2017
12237
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev tor va kengaytirilgan tartibda muzokaralar o‘tkazdilar. Bu haqda Oqo‘rdaga iqtibos keltirgan holda nur.kz xabar bermoqda. 

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvni ochayotib, Nursulton Nazarboyevning o‘zbek yeriga kelganini chin yurakdan qutladi va butun Qozog‘iston xalqiga o‘z ehtiromini bildirdi.

“Joriy yilni chin ma'noda ikki davlat munosabatlaridagi tarixiy yil deb hisoblash mumkin. Ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyotning barcha sohalarida jiddiy oldinlash kuzatilmoqda. Bu bizning 6-uchrashuvimizdir, bu esa ikki qardosh davlat o‘rtasidagi do‘stona niyatlar isboti hisoblanadi”, deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.  

Mirziyoyev Qozog‘iston tomondan “EKSPO-2017” xalqaro ko‘rgazmasi va Fan va texnologiyalar bo‘yicha islom hamkorligi tashkiloti ilk sammitining eng yuqori darajada o‘tkazilishi Nazarboyevning ulkan obro‘si evaziga mumkin bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, Nazarboyev Mirziyoyevga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi va ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotgani va ularni yanada kengaytirishga katta salohiyat borligini ta'kidlab o‘tgan.

“Siz qisqa vaqt ichida ikki tomonlama munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun ko‘p ish qildingiz. Sizning uchrashuvlaringiz tufayli biz ko‘plab masalalarni hal qildik. Bizda umumiy jihatlar ko‘p: til, madaniyat, din va shu sababli yaqindan hamkorlik qilishdan boshqa yo‘lga ega emasmiz. Samarali hamkorlik uchun aniq ishlar, real o‘zaro qo‘llab-quvvatlov zarur”, deb aytgan Qozog‘iston prezidenti. 

Nazarboyev O‘zbekistonning mintaqadagi roli muhimligini va Mirziyoyevning ikki davlat hamkorligini faollashtirishdagi xizmatlarini qayd qilib o‘tdi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, qishloq xo‘jaligi, tranzit-transport, harbiy-sanoat va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.

Mavzuga oid