O‘zbekiston | 22:45 / 17.09.2017
21057
3 daqiqa o‘qiladi

Jayhun sohilida zamonaviy «Amudaryo» dam olish maskani ishga tushirildi

Foto: Facebook/Turdimov

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar eng avvalo, xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilash, aholi farovonligini ta'minlashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi, deb yozadi Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov «Feysbuk»dagi sahifasida.

Viloyatda ham aholining munosib turmush kechirishi, mazmunli dam olishi, farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmasdan voyaga yetishi yo‘lida bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Amudaryo» dam olish maskani ham Prezidentimizning tashabbuslari bilan boshlanib, qisqa muddatda qurilib foydalanishga topshirildi.

Maskanning ochilish marosimida so‘z olganlar, mamlakatimizda aholi farovonligini ta'minlash, ayniqsa, yosh avlodning yurtga sodiq, vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, «Amudaryo» dam olish maskanining bunyod etilishi Termiz shahri, qolaversa, viloyat ahli uchun munosib sovg‘a bo‘lganini alohida ta'kidlashdi.

Foto: Facebook/Turdimov
Foto: Facebook/Turdimov

Mazkur dam olish maskanining bunyod etilishiga 70 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, bu yerda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi, baxshichilik maktabi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, sport-sog‘lomlashtirish markazining ma'muriy binosi, yoshlarning ijod qilishi va kitob mutolaasi uchun zallar, yopiq va ochiq suzish havzasi, qayiqlar turar joyi, musiqali favvora, profilaktika inspektorining xizmat uyi, muzqaymoq va yaxna ichimliklar nuqtasi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, sun'iy qoplamali futbol maydonchalari, qum (plyaj) futbol maydoni, kulgi xonasi kabi bir qator obektlar xalqimizga xizmat qilayotir.

Foto: Facebook/Turdimov
Foto: Facebook/Turdimov

Shuningdek, ushbu hududda qurilish va obodonchilik ishlari davom ettirilib, ko‘p qavatli uylar, bir qator ijtimoiy soha obektlari bunyod etilishi nazarda tutilgan. Shahrimizning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab, aholi turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan bu go‘zal va so‘lim maskan inson omilini ulug‘lashdek ezgu maqsadni ko‘zlagani bilan barchamizning qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid