O‘zbekiston | 22:50 / 20.09.2017
14270
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Bolgariya prezidenti bilan uchrashdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahrida Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari 13 sentabr kuni ushbu sana munosabati bilan bir-birlarini qutladilar. 

Oliy darajadagi mazkur uchrashuvda O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochish zarurligi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar o‘zaro manfaatli ekani ta'kidlandi. Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan davlatlarimizning yondashuvlari yaqin ekani ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga asos bo‘ladi. 

Bolgariya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli sheriklaridan biri. Mamlakatimizda Bolgariya investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 14 korxona faoliyat yuritmoqda. 2016 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 million dollarni tashkil etgan. Uchrashuvda bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlarga mos emasligi, har ikki tomon hamkorlikni rivojlantirish uchun katta iqtisodiy salohiyatga ega ekani ta'kidlandi. 

O‘zbekiston Bolgariya bozoriga kimyo, elektr texnikasi, to‘qimachilik va kabel mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘g‘itlar, meva-sabzavot yetkazib berishi mumkin. Farmatsevtika, kosmetika, elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari mavjud. 

Shuningdek, transport-kommunikatsiya, turizm, ta'lim, madaniyat sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. 

Muloqotda shu jabhalarda aniq loyihalar ishlab chiqish maqsadida hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazishga kelishib olindi. 

Rumen Radev Bolgariya Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni, Markaziy Osiyoda davlatlararo muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni qadrlashini ta'kidladi. 

Prezidentimiz Bolgariya Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi. 

Uchrashuv do‘stona va amaliy ruhda o‘tdi. 

Mavzuga oid