Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiya prezidenti Trampning BMTda ma'ruza qilishini baho qo‘yayotgan o‘qituvchiga qiyosladi
Amerika prezidenti Donald Trampning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi o‘qituvchining yomon o‘quvchilarga baho qo‘yishiga o‘xshab ketdi. Chexiya prezidenti Milosh Zeman AQShga safarida unga hamrohlik qilayotgan jurnalistlarga shunday fikrlarini bildirdi.
Tramp Bosh Assambleya minbarida turib, AQSh Venesuela hukumati o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, unga nisbatan navbatdagi choralar ko‘rishga tayyor ekani haqida aytgan edi. U, shuningdek, KXDRni "butunlay yo‘q qilish" bilan tahdid qildi. Bundan tashqari, Amerika prezidenti ikki yil muqaddam Eron yadro muammosiga barham bergan Qo‘shma harakatlar dasturini tanqid qildi.
"Men uni tingladim va o‘z-o‘zimga dedim: yaxshi, Shimoliy Koreya — eng yomon diktatura, uni oqlay olmayman. Ammo, keyin uzoqqa ketdi, Venesuela, so‘ngra Eron — u bilan holat tushunarsiz, ma'lumki, sanksiyalar yumshatildi, Eron bilan ma'lum bir kelishuvga erishilgan edi", — degan Zeman. Shundan so‘ng, prezident chexiyalik jurnalistlarga Tramp o‘z ma'ruzasini yana qanday davom ettirishi mumkinligini tasavvur qilishga chaqirdi.
"Masalan, u aytishi mumkin edi: "Ana endi, Shimoliy Koreya, Venesuela va Erondan so‘ng men Polshani tanqid qilishim kerak. Chunki u mustaqil adliya asoslarini buzmoqda. So‘ngra tanqidda yanada chuqurlashib, endi Chexiya respublikasini ham tanqid qilishim kerak, deyishi lozim edi. Axir u o‘z hududiga muhojirlarni kiritmayapti", — degan Zeman va masala Trampning qayerda to‘xtashida ekanini ta'kidladi.
"Bularning bari menga o‘qituvchining yomon o‘quvchilarga baho qo‘yishini eslatadi. Xalqaro hamjamiyat esa "o‘quvchi-o‘qituvchi" asosida munosabat qurmasligi kerak. Yoki bizlar hammamiz o‘quvchilar, yoxud barchamiz bir-birimizni o‘qitadigan o‘qituvchilar", — deb ta'kidlagan Chexiya rahbari.