Sport | 15:40 / 26.09.2017
29785
12 daqiqa o‘qiladi

Xaloskor Dani. «Real»ning navbatdagi qahramoni kim?

Ispaniya chempionatining 6-turida «Real» - «Alaves» o‘yinida jamoaning yozdagi xaridlaridan biri Dani Sebalos ilk marta boshlang‘ich tarkibda harakat qildi. Ispan futbolidagi talantlardan biri ilk o‘yinidayoq jamoasiga g‘alaba keltirgan gollarga mualliflik qildi.

Sebalos Madrid klubida Toni Kroos va Luka Modrich bilan raqobatni yengishi kerak. U mavsumni qanday o‘tkazishi kelajakka savol. Quyida uning o‘tmishini ko‘rib chiqamiz.

Yoshlik eliksiri

Ismi: Dani Sebalos
Klubi: «Real»
Ampluasi: yarim himoyachi
Fuqaroligi: Ispaniya
Tug‘ilgan kuni: 1996 yil 7 avgust
Asosiy oyog‘i: o‘ng oyoq
Bo‘yi: 176 sm

Ikki yil muqaddam Ispaniyadagi nashrlar Dani Sebalosni nafaqat mamlakatning, balki Yevropa va jahonning eng istiqbolli futbolchilari safiga qo‘sha boshladi. U oxirgi mavsumlarda yosh bo‘lishiga qaramay «Betis»ning asosiy yetakchisiga aylandi. 2017 yil yozida, 21 yoshi arafasida esa Polshada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatida eng yaxshi futbolchi sifatida tan olindi.

Sebalos Ispaniya yoshlar terma jamoasida 12 uchrashuv o‘tkazib, 10 gol urdi.

Dani Sebalos Sevilya shahri yaqinida tug‘ilgan, shu tufayli Andalusiyaning asosiy klubi uning iqtidorini tezda payqagan. Dani 8 yoshida «Sevilya» akademiyasida paydo bo‘lgan, ammo klubdagilar Sebalosda xronik bronxit aniqlangach, undan voz kechishdi – murabbiylar, bu kelgusida uning jismoniy mashqlarni ko‘tarishi va kuchli futbolchi bo‘lishiga xalal beradi, deb hisoblashdi. Shu tufayli 13 yoshida Dani «Sevilya»ni tark etadi va munitsipalitet jamoasi – «Utrer» safida paydo bo‘ladi. 

Bronxit yakunda asoratli bo‘lib chiqmadi. Ikki yildan keyin Sebalos «Sevilya»ning asosiy dushmani – «Betis»da o‘ynay boshladi. Aynan shu yerda u ispan futbolining keyingi o‘n yillikdagi talantlaridan biriga aylandi. 

O‘z faoliyatning ilk davri haqida eslar ekan Sebalos shunday deydi: «Menda «Sevilya» bilan noxush xotiralar bor. «Betis» fanatlari esa mening mehnatlarimni qadrlashdi. 

O‘tgan mavsumda «Sevilya» Ispaniya Kubogi yarim finaliga yetib bordi. Hamma final qiziqarli bo‘lishini kutdi, g‘alaba esa «Barselona»niki bo‘ldi — Dani Sebalos jurnalistlar qarshisida bundan juda xursandligini yashirmadi. U hamisha «Sevilya»ga muvaffaqiyatsizlik tilab kelgan. Andalusiyaliklar klubining qarori 9 yoshli Dani xotirasida shunday chuqur iz qoldirgandi.

18 yoshida «Betis»ning asosiy futbolchisi

Sebalos 2014 yili «Betis» tarkibidan mustahkam joy oldi, o‘sha mavsumni jamoa segundada o‘tkazgandi. U yoshlar jamoasida ko‘p qolmadi, asosiy jamoa zaxirasida o‘tirmadi, o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, mavsumda 5 gol urdi hamda klubga Primeraga qaytishda katta yordam berdi. «Betis» xo‘jayinlari esa darhol u bilan 2020 yilgacha shartnoma imzoladi va uning badal puli miqdorini 15 million yevro etib belgiladi.

Primeradagi birinchi mavsumda ko‘rsatgan o‘yinlaridan keyin Sebalos uchun «Napoli», «Arsenal», «Liverpul» va «Atletiko» klublari da'vogar bo‘lib chiqdi, «Real» skautlari uni kuzatishni boshladi. Ammo Sebalos «Betis»da baxtiyor ekanini ma'lum qildi.

Ikkinchi mavsumda esa unga «Real», «Barselona» va «Yuventus» klublari jiddiy qiziqishni boshladi, yakunda Dani poytaxt jamoasini tanladi.

Ispaniya o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida yetakchilik

Sebalos Marko Asensio va Xesus Valexo bilan bir qatorda Ispaniya yoshlar terma jamoasining asosiy umidi edi. Bu uchlik avvaliga Yevro U-19 turnirida g‘alaba qildi, keyin Yevro U-21 turniri finaliga yetib bordi, finalda Germaniya yoshlari g‘olib chiqdi.

Yevropa chempionatida Sebalos faqat 3 o‘yinda to‘liq harakat qildi, bitta ham gol urmadi, lekin turnirning eng yaxshi futbolchisi deb tan olindi, u «Atletiko» futbolchisi, Yevroning to‘purari Saulni ortda qoldirdi. 

Bunga Dani ko‘rsatgan fantastik darajadagi tomoshabop o‘yin sabab bo‘lgandi. Germaniyaga qarshi kechgan va mag‘lubiyatga uchralgan final o‘yinida ham u maydondagi eng foydali futbolchi bo‘lgandi.

Sebalos Italiyaga qarshi juda yuqori saviyadagi o‘yinni namoyish etgandi: to‘pni maydon bo‘ylab olib yurar, ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratar, fintlari bilan muxlislarni xursand qilar edi.

O‘yin uslubi bilan Inesta va Pirloni eslatadi

Sebalos – markaziy yarimhimoyani mustahkam ushlay oladi, himoyaga yordam beradi, hujumda pleymeykerlik qiladi. «Betis»da Dani hujumlarga qo‘shilishdan ko‘ra, maydon markazini nazorat qilish bilan shug‘ullanar, murabbiy uni ahyon-ahyonda qanotlarda o‘ynatardi.

Sebalos o‘yin davomida kuchni teng taqsimlaydi va qora ishdan qochmaydi. U o‘zini hujumlarda ishonchli tutadi. Sebalosning o‘zi bu haqda shunday degan: «Men uchun ideal pozitsiya - markaziy hujumchi ortida harakat qilish. Men yaratuvchiman».

U o‘zi haqida nimalar deydi?

«Menga Andres Iniyesta va Iskoga o‘xshab o‘ynash yoqadi. Ular maydonda erkin harakat qiladigan futbolchilar. Ular to‘p qayerda bo‘lishini hal qiladigan futbolchilar», - deya qayd etgan Sebalos.

U ham Iniyesta kabi baland bo‘yli bo‘lmagan, lekin bitta pas bilan o‘yindagi vaziyatni o‘zgartirib yubora oladigan futbolchi.

«Buyuk yarim himoyachiga aylanish uchun maydonni yaxshi ko‘ra bilishning o‘zi yetarli emas, jarima maydoniga yorib kirish va gol urishni ham uddalash kerak. Shuningdek, raqibdan to‘pni tortib olish, jamoadoshlarga yordam berish va bor kuch bilan o‘ynash talab etiladi».

«O‘tgan mavsumda [2015/16] men o‘z o‘yinimdan qoniqish hosil qilmadim. Buni ota-onam bilan muhokama qildim, ular menga faqat futbol haqida qayg‘urishni, undan boshqa barchasini unutishni tavsiya qilishdi, ular aytganidek qildim va endi hammasidan mamnunman».

«Men uchun o‘zimga ishonch muhim. Men hammasi yaxshi ketayotganini sezsam, o‘zimni to‘lqindagi kabi erkin tutaman. Lekin shu bilan birga diqqatni yo‘qotmaslik kerak».

U haqida nimalar deyishadi?

«Betis»ning sobiq murabbiyi Pepe Mel: «Dani katta klubga o‘tishga tayyorligini ko‘rsatib bo‘lgan. U juda jasur, uni hech narsa qo‘rqitmaydi».

«Betis»ning sobiq murabbiyi Viktor Sanches: «U juda talantli, o‘ziga juda ishonadi va o‘yinni o‘z zimmasiga ola oladi, uning o‘yini raqib futbolchilarini dovdiratib tashlaydi. Unda zargarona paslar berish mahorati bor, u maydonni juda yaxshi ko‘radi. U yanada kuchli bo‘lishga qodir».

«Betis»dagi sobiq jamoadoshi Ruben Pardo: «Dani maydonda sheriklariga oson bo‘lishi uchun juda ko‘p ish qila oladi. Uning paslari juda aniq chiqadi, u har qanday vaziyatda to‘pni o‘ziga bo‘ysundira oladi. U istagan ishini qiladi».

Ispaniya terma jamoasining sobiq murabbiyi Visente del Boske: «Dani Sebalosda «Real»ning asosiy futbolchisiga aylanish uchun barcha narsa yetarli. U o‘zida shikoyat qilishga o‘rin qoldirmaydi».

Sebalosning eng yaxshi fintlari

 

Sebalos ajoyib texnikaga ham ega. U to‘p bilan juda yaxshi muomala qiladi va to‘pni yo‘qotmaydi.

Sebalosning universalizmini statistika ko‘rsatib turibdi. U qora ishlarni ko‘p bajaradi: bir o‘yinda o‘rtacha 2,05 marta hujumni to‘xtatgan va 3,30 marta to‘pni olib qo‘ygan.

Danining bugungi vazifasi – orqaroqdagi pleymeyker. «Betis» murabbiylari uning uzoq masofaga to‘pni aniq yetkazib berish qobiliyatidan unumli foydalanishgan, uning to‘psiz aqlli harakat qilishi va kurashuvchanligiga ishonch bildirishgan.

Ayyor futbolchi
Sebalos ko‘pchilik ispan futbolchilari kabi ayyor futbolchi. U simulyatsiya qiladi, raqibga provakatsiya qilishdan qaytmaydi, u bunday harakatlari bilan muxlislarning ko‘nglini qoldirishdan cho‘chimaydi.

Sebalos raqibning jahlini chiqarib, ularning jazolanishiga erishadi. Bir safar u «Xetafe» futbolchisiga quyi ligaga tushib ketishni tilaganidan keyin murabbiyi tomonidan qat'iy ogohlantirilgandi.

Pikening davomchisi

Tvitterda u o‘zini juda erkin tutadi, aytish mumkinki, Sebalos ko‘pchilik nafratlanadigan navbatdagi ispaniyalik futbolchiga aylanishi mumkin. Misoli Jyerar Pike.

«Real»ga o‘tishdan avval Dani tvitterdagi eski yozuvlarni o‘chirdi. Masalan, u bir vaqtlar Iker Kasilyas va uning rafiqasi Sara Karboneroga hujum qilgandi, «Atletiko»ni «Real»ga qarshi o‘yinlarda qo‘llab-quvvatlagandi, Ispaniya madhiyasi chalinayotgan vaqtda hushtakbozlik qiladigan katalonlar va basklarga o‘lim tilagan. (U «katalon ko‘ppaklari» joylashgan stadionni portlatgan yaxshi bo‘lishi haqida yozgandi). 

Bu tvitlar 2-4 yil oldin yozilgan, shu tufayli Ispaniyada buni o‘smirning bezoriligi sifatida qarashadi, uni radikal millatchi deb bilishmaydi. 

Darvoqe, Sebalos Lionel Messi haqidagi ijobiy tvitlarini o‘chirib yuborgan. Masalan, kimdir «Messi Xavi va Inestasiz hech kimligi» haqida yozganida, Dani unga javoban Leoning 4ta «Oltin to‘p» bilan tushgan suratini ko‘rsatgandi. 

«Real» va «Barselona» tanlovi
«Barselona»ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati Sebalosni asosiy raqobatchisiga boy bergani bo‘lgandi. Jamoaga markaz uchun shunday futbolchi juda kerak edi (Inestaning yoshi o‘tdi va unga munosib o‘rinbosar hali topilmadi). Danini qo‘lga kiritish uchun «Barsa» futbolchining Kataloniya haqidagi nafratomuz so‘zlariga ko‘z yumishga ham tayyor edi. 

Ammo «Real»ning taklifi ishonarliroq chiqdi. Sebalosga qat'iy ultimatum qo‘yildi, unga 8 iyulga qadar javob qaytarish talabi qo‘yildi va futbolchi tezda o‘z roziligini bildirdi. 21 yosh arafasidagi futbolchi kamida 15 million yevro evaziga transfer qilindi, u bilan 6 yillik shartnoma tuzildi.

Xames bu transfer haqida eshitgach, «Real»dan ketish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qildi. Endi Madridda Ispaniyaningeng yosh yulduzlari to‘plandi: Asensio, Lorente, Valexo va Sebalos. 

Mavzuga oid