O‘zbekiston | 19:13 / 26.09.2017
10655
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya parlamenti spikerini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 sentabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyunni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, ikki davlat parlamentlari O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, an'anaviy yaqin va keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishini ta'kidladi. 

Janubiy Koreya O‘zbekistonning muhim va ishonchli hamkorlaridan biri ekani alohida qayd etildi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli darajadagi aloqalar ham o‘zaro, ham xalqaro tashkilotlar doirasida faol rivojlanmoqda. 

O‘zbekistonda sanoatni diversifikatsiya qilish va infratuzilmani modernizatsiyalash bo‘yicha ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Bugungi kunda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalari qiymati 7 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 

Fan-texnika va madaniy-gumanitar, tibbiyot va ta'lim, sayyohlik sohalarida o‘zaro munosabatlar kengayib bormoqda. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz parlamentlari va ularning alohida qo‘mitalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, parlamentlarda faoliyat yuritayotgan do‘stlik va hamkorlik guruhlari ishini faollashtirish, O‘zbekiston va Janubiy Koreyada o‘zaro tashrif va qo‘shma tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi qayd etildi. 

Savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xalqaro parlamentlararo tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri O‘zbekistonda qabul qilingan mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarish va islohotlarni yuksak baholadi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

Chon Se Gyun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Yuqori martabali mehmon Janubiy Koreya rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tez orada ushbu mamlakatga tashrif bilan borishini kutayotganini ta'kidladi. 

Chon Se Gyun ikki davlat parlamentlari hamkorlikda sa'y-harakatlar bilan bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik jarayoni hamda ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga amaliy hissa qo‘shishini qayd etdi. 

Mavzuga oid