Jamiyat | 15:51 / 27.09.2017
8838
4 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga ishga yuborishni va'da qilgan firibgar 10 yilga qamaldi

Bugungi kunga kelib, xorijda ishlash istagida bo‘lgan turli kasb egalarini tanlash ish beruvchining talabi bilan mavjud tartib-qoidalar asosida amalga oshirilishini ko‘pchilik yaxshi biladi. Xususan, Nurbek Turdiyev ham bundan yaxshi xabardor edi. Biroq u oson yo‘lini topaman, deya bir firibgarga yo‘liqdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

Nurbek Koreyaga ketish uchun hujjatlarini topshirib, imtihon kunini kuta boshladi. 2013 yilning mart oyida Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan imtihonda Nurbekning omadi kelmadi. Kayfiyatsiz ahvolda uyiga qaytishga taraddudlanib turarkan, yoniga bir odam yaqinlashdi. U o‘zini Ilyos Rahmonqulov, deya tanishtirib, imtihon natijalari bilan qiziqdi. Nurbek sinovdan o‘ta olmaganini aytdi. Shunda Ilyos agar xarajatidan qochmasa, bu ishda yordam berishi mumkinligini bildirdi.

-  Chindan ham hal qilib bera olasizmi? – dedi Nurbek ishonqiramay.

-  Albatta, faqat bu 3500 AQSh dollari kerak bo‘ladi. Pulni o‘zim olmayman, hujjatlar, imtihon, til o‘rganishlaring uchun to‘layman. – Ilyos pinagini ham buzmay yolg‘on gapirdi.

Nurbek shu kuni Ilyosga o‘ylab ko‘rishini aytib, uning telefon raqamini oldi-da, uyiga qaytdi.

Oradan ikki oy o‘tgach Nurbek Ilyosga qo‘ng‘iroq qildi va unga “safar xarajati” uchun 1500 AQSh dollari berdi. Ilyos pulni olarkan, tez orada mushkuli oson bo‘lishini va'da qildi.

Pulni bergach, Nurbekning chiroyi ochildi. Go‘yo erta-indin Koreyaga ketadigandek, o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. To‘rt oylar o‘tib, Ilyos Nurbekdan yana 1000 AQSh dollarini olib ketdi. Anchagina pul bersa ham ishi yurishavermagach, Nurbekning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Shunday kunlarda Ilyos unga qo‘ng‘iroq qilib, samolyot bileti va o‘quv kurslari uchun, deya yana 1000 AQSh dollari so‘radi. Bilet so‘zini eshitib, Nurbekning butun xavotiri arigandek bo‘ldi. Go‘yo ertaga yo‘lga chiqadigandek, Ilyos so‘ragan pulni berib yubordi. Ilyos va'da qilganidek, Nurbekni Toshkent shahriga chaqirib, koreys tili bo‘yicha o‘quv kursiga joylashtirdi. Bir haftalik o‘quv kursidan so‘ng Ilyosdan erta-indin ketasan, degan javobni oldi. Ammo oradan bir, ikki oy emas, uch yil o‘tsa hamki, Nurbek orzu qilgani – Janubiy Koreya davlatiga keta olmadi. Ilyos Rahmonqulov esa firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan katta miqdordagi pulni allaqachon o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgandi.

Nurbek firibgarning ustidan arz qilib, huquq-tartibot organlariga murojaat etdi. Ilyos Rahmonqulov jinoiy javobgarlikka tortildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan unga uzil-kesil o‘tash uchun 10 yilu 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid