Jahon | 00:38 / 27.09.2017
9186
3 daqiqa o‘qiladi

Twitter’da Trampning Shimoliy Koreya haqidagi xabari nega o‘chirilmaganiga izoh berildi

Twitter mikrobloglar xizmati AQSh prezidenti Donald Trampning ko‘pchilik tomondan ushbu ijtimoiy tarmoq qoidalarini buzuvchi xabari nega o‘chirilmaganiga tushuntirish berdi.

Gap Tramp 23 sentabrda Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Yon Xoning BMT Bosh assambleyasidagi nutqidan keyingi tviti haqida ketmoqda. "Hozirgina Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirining BMTdagi nutqini tingladim. Agar u kichkina raketa-odamning fikrlarini eshittirayotgan bo‘lsa, unda ular uzoqqa bormaydilar", deb yozgandi Tramp bu xabarida.  Bundan avval ham Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni bir necha marta "raketa-odam" deb atagandi.

Ijtimoiy tarmoqning ba'zi foydalanuvchilari bu xabar tahdid va haqoratga egaligi, bu esa Twitter siyosatiga zidligidan shikoyat qilishib , uni o‘chirish lozimligini aytishgan. Biroq ijtimoiy tarmoq buni qilmagan.

Ijtimoiy tarmoq qoidalarida uning foydalanuvchilari haqorat, tahdid, zo‘ravonlikka undash va adovatni qo‘zg‘ovchi xabarlar chop eta olmasliklari aytilgan. 

26 sentabrda ijtimoiy tarmoq o‘zining rasmiy sahifalaridan birida Trampning xabarini u "axborot jihatdan muhim" bo‘lgani sababli o‘chirmaganini ma'lum qilgan. "Biz u yoki bu tvit qoidalarimizni buzmayotganini baholashda bir qator omillarni e'tiborga olamiz. Jumladan, biz ushbu tvit axborot jihatdan muhimligi va jamoatchilikda qiziqish uyg‘otishini o‘rganamiz", deb aytilgan kompaniyada.

Ijtimoiy tarmoqda bu borada xodimlar orasida ichki qoidalar borligi qo‘shimcha qilingan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, yaqinda bu holat foydalanuvchilar kelishuvida aks ettiriladi.  

Mavzuga oid