20:25 / 28.09.2017
16646

Toshkentda 177 ming dollarni o‘marish uchun talonchilikni sahnalashtirganlar ushlandi

2017 yilning 21 sentabr kuni fuqaro Turdiyev Yakkasaroy tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib «Trans Grand Aziya» mas'uliyati cheklangan jamiyat ofisidan 177 ming AQSh dollari miqdoridagi pullar o‘g‘irlab ketilgani haqida ma'lum qildi. Uning uqdirishicha, noma'lum shaxslar ochiqdan-ochiq talonchilik yo‘li bilan yirik miqdordagi pul mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu haqda Toshkent ShIIBB rasmiy vakili Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi. 

Mazkur hodisa yuzasidan zudlik bilan voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yetib borganida 2 nafar noma'lum shaxs ofisga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, u yerdagi seyfdan 177.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib chiqib ketayotganlarida jamiyat xodimi Shokirov ularni ko‘rib qolib, jinoiy harakatlariga qarshilik qilgan vaqtda uni skotch bilan bog‘lab, hodisa joyidan yashiringanligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB Tergov bo‘limi JKning 166-moddasi 
4-qismi “a” bandi (talonchilik, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, juda ko‘p miqdorda, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida mazkur jamiyatning direktori lavozimida ishlovchi Saydullayev Xayrulla seyf ichida katta miqdorda pul mablag‘lari saqlanayotganligidan xabardor bo‘lgan holda kalitdan nusxa ko‘chirib olib, oldindan tuzilgan jinoiy rejasiga fuqarolar Saidov Mo‘minjon va Nasriddinov Nodirbeklarni jalb qilgani aniqlandi. 

Rejaga ko‘ra Saidov va Nasriddinovlar jamiyat binosi hududiga Saydullayevning yordami bilan kirib, ofisga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga go‘yoki talonchilik jinoyati sodir etilganligini ifodalovchi harakatlarni amalga oshirishib, seyf ichidagi pul mablag‘larini egallab olishgan vaqtda ularni jinoiy harakatlarini to‘xtatish chorasini ko‘rgan jamiyat xodimi Shokirovning qo‘l va oyoqlarini skotch bilan bog‘lab, hodisa joyidan yashiringanliklari aniqlandi.   

Hozirda jinoiy guruh a'zolariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Top