Jahon | 17:00 / 01.10.2017
10307
2 daqiqa o‘qiladi

Barselona meri Kataloniyadagi voqealar uchun Ispaniya bosh vaziridan iste'fo talab qildi

Barselona meri Ada Kolau Kataloniyadagi referendum ishtirokchilariga qarshi politsiya tomonidan qo‘llangan zo‘ravonliklardan keyin Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy o‘z lavozimini tark etishi kerak deb hisoblamoqda.

"Politsiyachilarning tinch aholiga qarshi zo‘ravonliklari to‘xtatilishi kerak. Bugun Kataloniyada va butun mamlakatda biz shuni so‘rashimiz kerak. Raxoy iste'foga chiqsin", - deya merning so‘zlarini keltirgan The Guardian.

Kataloniyada mahalliy vaqt bilan soat 9:00 da (Toshkent vaqti bilan 12:00 da) hudud mustaqilligi masalasidagi referendumda ovoz berish boshlandi. Ovoz berish uchastkalari oldida olomon to‘plangan. Ispaniya politsiyasi uchastkalarning yarmidan ko‘pini yopib qo‘ydi, biroq aksariyat holatlarda ovoz berishni tashkil etishga muvaffaq bo‘lindi.

Bundan avvalroq, ispan politsiyasi referendum ishtirokchilarini haydash uchun shovqinli granatalar hamda rezina o‘qlardan foydalanayotgani aytilgandi. 

Foto: Reuters

1 oktabr kuni Kataloniyada mustaqillik referendumi bo‘lib o‘tmoqda,  ammo bu referendum Ispaniya Konstitutsiyaviy sudi tomonidan noqonuniy deb e'lon qilindi. Referendum ishtirokchilaridan ushbu savolga javob berish so‘ralmoqda: "Siz Kataloniya respublika boshqaruvidagi mustaqil davlat bo‘lishini istaysizmi?"

Kataloniya hukumatining tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchisi Raul Romevaning aytishicha, agar referendumda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi "ha" javobini bersa, Kataloniya hukumati 48 soat ichida mustaqillik e'lon qiladi.

Kataloniyada Ispaniya qirolligi aholisining 16 foiz qismi istiqomat qiladi. Ispaniya eksportining 25,6 foizlik ulushi Kataloniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ispaniya YaIMning 19 foizi aynan shu muxtoriyat tomonidan ta'minlanadi. Xorijiy investitsiyalarning 20,7 foizi Kataloniyaga yo‘naltiriladi. Kataloniya qarzi YaIMda 35,3 foizlik ulushga ega.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid