Sport | 09:27 / 05.10.2017
5608
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Meksika va Kanada murojaati g‘alaba qozonsa, JCh-2026 o‘yinlarini qabul qiluvchi 32 shahar nomi ma'lum qilindi

Foto: EPA

AQSh, Meksika va Kanadaning murojaat qo‘mitasi 2026 yilgi Jahon chempionatida futbol o‘yinlari o‘tkaziladigan 32 ta shahar ro‘yxatini tuzdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda. O‘yinlar ushbu shaharlarda bu boradagi zayavka g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, o‘tkaziladi.

Avvalroq, qo‘shma murojaat qo‘mitasi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi mumkin bo‘lgan 44 shahardan iborat kengaytirilgan ro‘yxatni tuzgandi, so‘ngra 41 shahar o‘z tayyorligini bildirdi. Keyin esa ro‘yxat 32 taga qadar qisqartirildi.

Ushbu shaharlardan 25 tasi AQShda joylashgan - Atlanta, Baltimor, Boston, Sharlott, Tsintsinnati, Chikago, Dallas, Denver, Detroyt, Hyuston, Kanzas Siti, Las-Vegas, Los Anjyeles, Mayami, Minneanapolis, Neshvill, Nyu-York, Orlando, Filadelfiya, Finiks, Solt-Leyk-Siti, San-Frantsisko, Sietl, Tampa va Vashington. To‘rttasi – Kanadada - Edmonton, Monreal, Toronto va Vankuver, uchtasi - - Meksikada - Gvadalaxara, Mexiko va Monterrey. 2018 yilning mart oyida rasmiy murojaat Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) yuboriladi.

2026 yilgi Jahon chempionatida hammasi bo‘lib 80 ta o‘yin o‘tkaziladi – 48 tasi guruh bosqichida va 32 tasi – pley-offda. Loyihaga ko‘ra, 60 ta o‘yin AQSh hududida o‘tkazilishi lozim, Kanada va Meksika esa 10 tadan uchrashuvga mezbonlik qiladi. AQSh futbol federatsiyasi rahbarining ta'kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar hukumati ushbu loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shimoliy Amerikada jahon chempionati oxirgi marta 1994 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, musobaqaga Amerika Qo‘shma Shtatlari mezbonlik qilgan. Meksikada musobaqa ikki marotaba - 1970 va 1986 yillarda bo‘lib o‘tgan. Kanada esa hech qachon jahon chempionatini o‘zida qabul qilmagan.

Xalqaro futbol federatsiyasi kengashining 10 yanvar kuni chiqargan qaroriga ko‘ra, 2026 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati 48 jamoa ishtirok etadigan birinchi turnir bo‘ladi. Musobaqani o‘tkazish uchun Marokash ham da'vogarlik qilmoqda. 2026 yilgi jahon chempionatining o‘tkazilish joyi 2018 yil iyun oyida Moskvada bo‘lib o‘tadigan FIFA Kongressida aniqlanadi. Agarda, nomzodlar tomonidan taqdim etilgan dasturlar Kongressni qoniqtirmasa, saylovning ikkinchi bosqichi boshlanadi va qaror 2020 yilga qadar qoldiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid