16:20 / 05.10.2017
10571

OAV: IShID o‘z tarafdorlarining 80 foizini internet orqali yollaydi

IShID terrorchilik tashkiloti internetdan foydalangan holda o‘z tarafdorlarining 80 foizini yollaydi. Bu haqda il Messaggero gazetasi Italiya ichki ishlar vaziri Marko Minnitiga asoslanib xabar bermoqda.

"IShID internetni o‘zining asosiy quroliga aylantgan birinchi terrorchilik tashkilotiga aylandi. Butunjahon tarmog‘i radikallashuv va diniy aqidaparastlikka kirib borish jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu ishlarning 80 foizi jangarilar va tarafdorlarni jalb qilish uchun internet orqali amalga oshiriladi. Internetdan foydalanish tashkilotning ta'sir doirasi ko‘lami haqida tasavvur uyg‘otishga imkon beradi", - deya vazirning Luiss Rim universitetida kiberxavfsizlik bo‘yicha bo‘lib o‘tgan forumdagi nutqidan iqtibos keltiradi gazeta.

Avval terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Minniti internetning terrorchilik maqsadlarida foydalanilishi muammosini "juda murakkab va jiddiy", deb hisoblaydi, uni hal qilish esa juda qiyin. "Shu bois, xalqaro miqyosda foydalanuvchilarning barcha huquq va kafolatlariga rioya etgan holda tarmoqni monitoring qilish hamda nazoratni ta'minlash uchun eng yirik xalqaro provayderlar bilan hamkorlik qilish zarur", - dedi vazir.

Forumda shuningdek, dunyoda xakerlik hujumlarining umumiy zarari yiliga 445 milliard dollarni tashkil etishi ham aytildi. 2020 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 3 trln. dollarga yetishi mumkin.

Top