Sport | 20:10 / 08.10.2017
13453
8 daqiqa o‘qiladi

«Futbol Pikassosi». Men nega Pirloni yaxshi ko‘raman?

«Men tushlikdan keyin biroz uxladim, keyin turib, ozgina PlayStation o‘ynadim. Kechqurqun esa, jahon chempionatini yutib oldim. Yaxshi kun bo‘ldi» (Andrea Pirlo JCh-2006 finali haqida)

Mirjalol Qosimov futbolni tark etganida, hammani bir savol o‘ylantirib qo‘ygan edi — endi uning o‘rnini kim bosadi? Qosimov o‘ziga shu qadar o‘rgatib qo‘ygan ediki, har qanday jamoada xuddi uning ampluasidagi, xuddi uning vazifalarini bajaradigan, u kabi jarima to‘pi tepadigan, u kabi aniq paslar uzata oladigan maestro bo‘lishi shart deb o‘ylarmidik, bilmadim. Aslida, jamoalar bir-biri bilan farq qilishini, aslida bir futbolchi yelkasiga bu qadar yuk qo‘yilmasligini bilmasmidik, bilmadim.

Misol uchun, Italiya terma jamoasi o‘yin uslubi shuni taqozo qiladimi yoki millat xarakteri shunaqami, ularda doim maydon markazida o‘yinni boshqaradigan, sheriklarining pozitsiyasini juda yaxshi o‘qiy oladigan, aqlli futbolchilar doim bo‘lgan. Dimitrio Albertinidan keyin bu vazifa Andrea Pirloga topshirildi, bu futbolchi meni o‘ziga shu qadar rom etgandiki, haligacha ba'zi saytlardagi «nik»im Pirlo nomi bilan bog‘langan.

Bu hayrat qachon boshlangan anig‘ini bilmayman. Balki, «Milan» libosida paydo bo‘lib, yoshiga xos bo‘lmagan tarzda aqlli to‘p uzatishlarini amalga oshira boshlaganda e'tibor qaratgandirman.

Balki sal keyinroq, Germaniyada o‘tgan jahon chempionati yarim finalining qo‘shimcha bo‘limlarida, to‘pni uzoq muddat o‘zida ushlab qolib, go‘yoki imkonsiz qolayozgan vaziyatda, Fabio Grossoga zargarona to‘p oshirganda qoyil qolgandirman.

Balki undanam keyinroq, o‘z vaqtida jahon chempioni va Chempionlar Ligasini yutgan yulduz bo‘lsa-da, «Milan» uni chiqitga chiqarayotganida bir og‘iz so‘z demay, «Yuventus»ga borib, o‘z ishini davom ettirganida tan bergandirman.

Balkim, Yevropa chempionati chorak finalidagi inglizlarga qarshi kechgan penaltilar seriyasini ko‘proq eslarman, o‘shanda hamma hayajonlanib turgan bir vaziyatda penaltini Panenka usulida amalga oshirgan va o‘sha kuni kim yarim finalga chiqishini muddatidan oldin hammaga ko‘rsatib qo‘ygan edi.

O‘sha turnir finali ham yoddan chiqmaydi, 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lib jamoa a'zosi bo‘lib turib ham, uning yig‘isi jami ispanlarning quvonchidan buyukroq tuyulgandi, menga. Faqat menga emasdir. Eh-he, bunday yorqin lahzalar ko‘p-ku!

Menimcha, bir insonni yoqtirsangiz, aynan qaysi sifati, qaysi harakati uchun shunaqa ekanini bilish qiyin, ammo mana shunday xotiralarni sanaganingizda shu qadar ko‘p bo‘ladi-ki, ularning alohida har biri e'tiborga loyiqdek. To‘g‘risi, futbolda yana kimdan bu qadar hayratlanganimni bilmayman.

Uni o‘z vaqtida, «Barselona» boshqaruviga kelgan kuniyoq, Pep Gvardiola jamoasi safida ko‘rishni orzu qilgandi. Xavi - Inesta - Pirlo: tasavvur qilyapsizmi?

Uni Pablo Dibala o‘z kumiri deb biladi. Argentinalik hujumchi «Yuventus«da porlagan ikki futbolchini «tan olar» ekan — Pirlo va Del Peroni.

U «Milan»ni tark etayotganida Galliani unga klub emblemasi tushirilgan birgina ruchka sovg‘a qilgan va «Yuventus» bilan shartnomaga imzo chekma bu ruchka bilan» deb hazillashgan ekan. O‘n yil jamoaga borini berib, bir necha sovrinlar yutishda ko‘maklashib, xayrlashuv faqat bir ruchka va kulgili bo‘lmagan hazil bilan yakunlangan. Ammo Pirlo o‘shanda ham indamay ketgandi.

U «Inter», «Milan», «Yuventus» kabi «ajdarho»larning har birida maydonga tushgan bo‘lsa-da, bu jamoalar muxlislari Pirloni hurmat qilishadi. Mana shunday bo‘la oladigan boshqa italiyalik bormi?

U haqida Jyennaro Gattuzo shunday degandi: «Men ilk bor Pirloning to‘p uzatishlari va to‘p bilan qilayotgan muomalasini ko‘rib, o‘ylab qoldim, nahotki bu harakatlarni ko‘rgan boshqa insonlar meni haliyam futbolchi deb o‘ylashsa...»

Uning aqliy fikrlashi va aniq to‘p uzatmalaridan kelib chiqib, ko‘pchilik matematika va geometriya haqida gapirsa-da, Pirlo bu fanlardan yaxshi o‘qimaganini ochiq tan oladi. Uni ko‘proq musavvirlik qiziqtirgan ekan va u Pablo Pikassoning chinakam muxlisi ekanini ko‘p bora ta'kidlab o‘tgan.

«Men fikrlayapman, demak o‘ynayapman» — bu Andrea Pirloning avtobiografik kitobining nomi. Uning o‘yin uslubi ham tafakkurning o‘zginasi bo‘lsa-da, u doim kamtar bo‘lib qolgan. Soch turmagi, qandaydir dribling yoki fint orqali uni tanimaymiz. Qachonki to‘p o‘ta mohirona tarzda, ekran qarshisida hatto biz ham payqay olmagan futbolchiga qulay yetkazib berilgandagina anglaymiz — bu Pirlo!

Balki bu uning kamtarligidir.

«Men o‘yin paytida nima haqida o‘ylashimni tushuntirib bera olmayman. Aytarli hech narsa. Faqat shuni aytishim mumkinki, futbolda eng muhimi — oddiylik. Hammasini osongina bajarish mumkin bo‘la turib, nega murakkablashtirish kerak?» — Bu fikr Pirlodan chiqqaniga ishonish qiyin.

«Ko‘pchilik mening jarima zarbalarimni maqtaydi, lekin avval Junino Pernambukanuning ijrolarini ko‘rishlari kerak. Meni Pirlino deb atashsa, xursand bo‘lardim, yoshligimdan Juninoning zarbalarini mashq qilib shu darajaga yetganman. Mashg‘ulotlarda ham juda ko‘p shug‘ullanar, rostini aytsam, boshida eplashim oson bo‘lmagan. To‘p doim ancha yuqorida o‘tib ketar, muxlislarga hazillashib, «sizlarga sovg‘a jo‘natgim keldi» deb qo‘yardim». Ha, u rostan ham kamtar.

Lekin bir  masalada kamtarlik qilmaydi, undan keyingi Pirlo kim bo‘lishi mumkin, deb so‘rashganda:
«Bilmadim, ochig‘i, mening uslubimda to‘p suradigan ijrochini ko‘rmayapman. Lekin ertaga shunday o‘yinchilar chiqib qolar, albatta, bundan juda xursand bo‘laman», — deb javob bergandi. 

Mana shu futbolchi futbolni tark etmoqda. 

Ochig‘i, u biz tomosha qiladigan futboldan ketganiga ancha bo‘lgan. U «Yuventus»ni tark etib, AQSh klubi tarkibidan joy olganida, endi uni boshqa ko‘rmasligimni bilgan edim. Qayerda o‘ynamasin, endi biz qiziqadigan, biz ko‘radigan o‘yinlarda Pirlo maydonga tushmasligini his qilib, xafa bo‘lgandim. Endi esa, u umuman maydonga tushmasligini bildim, bu boshqacharoq holat. Endi Pirloning o‘ziga qiziqsak ham, o‘yinini ko‘ra olmaymiz.  Bunisi yanayam og‘irroq. 

Qahramon Aslanov

 

Mavzuga oid