Jamiyat | 21:00 / 09.10.2017
36581
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi shisha ko‘prik darz ketdimi yoki...?

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Tayxanshan tog‘i bo‘ylab o‘tgan shisha ko‘prik videosi tarqaldi. Unda erkak harakatlanayotgan shisha ko‘prik kutilmaganda darz keta boshlaydi. U qo‘lida bayroq bilan o‘tganiga qaraganda, bu - sayyohlar guruhini boshqarib kelayotgan gid. Mashable mazkur video bilan bo‘lishdi.

Ko‘prik 1180 metr balandlikda joylashgan. Erkak darhol tiz cho‘kib, emaklashga harakat qildi, biroq shisha darz ketishda davom etdi. 

Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari ko‘prik bo‘ylab boshqa bir kishining xotirjam o‘tayotganiga e'tibor qaratishdi. Shu bois ular bu darz ketish emas, shunchaki maxsus effektlar ekanini taxmin qilishdi. Ba'zilar bunday effektlar kimlardadir yurak xurujini keltirib chiqarishi mumkinligini ta'kidlashdi. 

Foto: EAST TAIHANG DISTRICT/WECHAT

Video tarqalib, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy fikrlardan keyin Sharqiy Tayxanshan okrugi ma'muriyati darz ketuvchi shisha - bu ko‘prikning bir necha joyida o‘rnatilgan maxsus effektli panel ekanini ma'lum qildi. Panelga qadam bosgan odam shishaning darz ketayotgan tovushini eshitadi va unda yoriqlar paydo bo‘la boshlaydi. Hukumat okrugi xabarida videodagi gid shunday bo‘lishini bilgani qayd etilgan.

Ma'muriyat vakillarining ma'lum qilishicha, ular odamlarning qo‘rqib ketganidan afsusdalar, biroq panellarni o‘zgartirish rejada yo‘q. Hukumat maxsus effektlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun odamlarning o‘zi qiziqib, bu yerga kelishiga umid qilmoqda. 

Foto: EAST TAIHANG DISTRICT/WECHAT

Ta'kidlash joizki, 2015 yilda ko‘prikdagi shisha haqiqatda darz keta boshlagan, shundan so‘ng uni ta'mirlovga yopishga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid