Sport | 21:50 / 09.10.2017
13103
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston paralimpiya dzyudo terma jamoasi Jahon kubogida birinchi o‘rinni egalladi

2017 yil 9 oktabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri yana bir yirik xalqaro musobaqaga mezbonlik qildi. Muhtasham “O‘zbekiston” universal sport saroyida paralimpiya dzyudosi bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasi tashkil etildi. U davlat rahbarining 2017 yil 9 martdagi 2821-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida o‘tkazildi. 

Mazkur musobaqada dunyoning 24 mamlakatidan kelgan imkoniyati cheklangan 300 dan ortiq sportchilar o‘zaro kuch sinashishdi. 

Musobaqada erkak dzyudochilar -60 kg, -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg, -100 kg, +100 kg vazn toifalarida tatamiga chiqishdi. 

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda -48 kg, -52 kg, -57 kg, -63 kg, -70 kg, +70 kg vazn toifalaridagi sportchilar musobaqaning oltin medali uchun kurash olib borishdi. 

Qayd etish lozimki, o‘zbekistonlik paralimpiya dzyudochilari musobaqani ishonch bilan o‘tkazishdi va bu yakuniy natijada ham o‘z aksini topdi. 

Sportchilar umumjamoa hisobida 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egallashdi. O‘zbekiston paralimpiya dzyudo terma jamoasida Sherzod Namozov, Feruz Soipov, Parvina Samandarova hamda Shuhrat Boboyev oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishdi. Sevinch Salayeva, Nurbek Mirzayev va Vasila Aliboyeva ikkinchi o‘rinni egallashgan bo‘lsa, Gulruh Rahimova, Feruzaxon Yusupova, Sharif Xalilov, Shirin Sharipov musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritishdi va umumjamoa natijasiga munosib hissa qo‘shishdi. 

Terma jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi eng yaxshi natijani ham Osiyo qit'asi vakili ko‘rsatdi. Janubiy Koreya sportchilari 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Ukraina 2-0-1 natija bilan jamoalar o‘rtasida uchinchi o‘rinni egalladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid