19:38 / 23.10.2017
5647

Qatar fond indeksi 6 yillik minimumgacha pasayib ketdi

Foto: Reuters

Qatarning asosiy fond indeksi QE Index 23 oktabrdagi savdolar vaqtida 0,5 foizga kamayib, 8117,41 punktgacha tushib ketdi. "Interfaks" axborot agentligining ma'lum qilishicha, bu ko‘rsatkich 2011 yil avgustidan beri eng minimal qiymat bo‘ldi. 

Aktsiyalar bozori 4 ta arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishini ma'lum qilgan iyun oyidan beri pasaymoqda. Diplomatik blokada boshidan beri QE Index dollar qiymatida 18 foizga, yil boshidan esa 25 foizga va milliy valyuta qiymatida 22,2 foizga kamaygan.

Qatar va u bilan aloqalarni uzgan davlatlar o‘rtasidagi mojaroni hozircha hal qilib bo‘lmayapti. AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan suhbatdan keyin, Saudiya Arabistoni Qatar bilan hozircha muloqotga tayyormasligini ma'lum qilgan. 

Qatarni boykot qilayotgan davlatlar u bilan savdo va transport shartnomalarini bekor qilishgan. Moody's Investors Service’ning baholashicha, Qatar diplomatik mojaro tufayli iyun-iyulda iqtisodiyoti va moliyaviy tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 40 mlrd dollar kiritishiga to‘g‘ri kelgan.

Top