Jamiyat | 17:43 / 23.10.2017
26208
10 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor ayol boshchiligidagi bosqinchilar qo‘lga olindi

Foto: Buxoro viloyati IIB

G.A. Buxoro viloyati Olot tumanida qurilish ishlari bilan shug‘ullanadigan, qurilish mollari va avtomobillar ehtiyot qismlarini ulgurji olish hamda sotish bilan shug‘ullanuvchi “Marhamat plyus” nomli mas'uliyati cheklangan jamiyatida rahbar sifatida ish boshlab tadbirkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganligi, aniq bir reja asosida ishlamaganligi sababli ko‘plab odamlardan katta miqdorda qarz oladi. Keyinchalik tikuvchilik sexi ochib, bu ishdan ham o‘zining nodonligi tufayli baraka topmagan G. kun sayin qarzlari ko‘payib, moddiy jihatdan tang ahvolga tushib qoladi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB xabar berdi.

Unga qarz berib qaytara olmayotgan kishilarning iskanjasidan qochib yurgan kunlarining birida Olot tumanida Nigora ismli ayol bilan tanishib qoladi. Qisqa vaqt ichida opa-singil tutingan bu ayollar qay yo‘l bilan bo‘lmasin pul topish uchun o‘zlarini har baloga giriftor qiladilar. Nigora G.A.ni qarzdorlik muammolaridan xolos etish uchun o‘zining tanishi Zafar ismli, hech bir tayinli kasb korga ega bo‘lmagan shaxs bilan tanishtiradi.

Birovlarning peshona teri evaziga orttirgan mol-mulklarini yashirin ravishda talon-taroj qilib, o‘g‘rilikni o‘ziga kasb qilib olgan Zafar, bu ayollarni Qorako‘l tumanida G.K.ning uyida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatiga sherik qiladi. Xonadondan o‘g‘irlab chiqilgan temir seyf ichidagi tilla taqinchoqlardan o‘zining katta miqdordagi ulushini olgan G.A. go‘yo boylik orttirishning oson yo‘llarini topgandek, bu qing‘ir ishga yeng shimarib, jinoyat ko‘chasi tomon birinchi qadamini tashlaydi. 

Tilla taqinchoqlarni sotib qarzlaridan qisman qutulgan G. qolgan qarzlaridan xolos bo‘lish uchun boy-badavlat kishilarning xonadonlariga kirib, o‘g‘rilik qilishni imi-jimida uddalay oladigan shaxslarni qidirishga tushadi.

Dugonasi Nigora Toshkent shaxrida Otabek ismli kuyovi borligini, uning o‘g‘rilik qilishga “qo‘li chaqqon”, “ustasi farang” tanishlari borligini aytganidan so‘ng, G.A. ularni Buxoro viloyatiga chaqirtirib olishni ta'kidlaydi.

2017 yilning yoz oylarida Toshkent shahridan Buxoro tomon shum niyatda tashrif buyurgan “mehmonlar”ni G.A. o‘zining avtomashinasida kutib olib, Olot tumanida istiqomat qiluvchi, boy-badavlat kishilarning xonadonlaridan o‘g‘rilik qilish niyatida o‘zaro kelishib olib, jinoiy guruhga birlashadilar.  

Ammo, “mehmonlar”dan biri, Otabekning yuragi bu begona joylarda o‘g‘rilik qilishga dov bermasdan Toshkentga qaytishini bildiradi. U bilan birga kelgan Isroil ismli hamrohi ham, bir o‘zi o‘g‘rilik qilishni eplay olmasligini aytib, ortiga qaytadi.

Shum niyatlari puchga chiqqan G.A. “mehmonlar”ni kuzatib qo‘yar ekan, ulardan biri, ya'ni, Isroilning telefon raqamini olib qoladi.

2017 yilning sentabr oylari. G.A. Buxoro shahrida o‘zining tanishi Davronbekni uchratib qoladi. U bilan qisqa vaqt suhbat davomida hozirda ishlari yurishmayotganligini, qarzlari ko‘payib borayotganligini aytganida, Davronbek ham unga o‘xshab moddiy jihatdan qiynalib qolganligini, tayinli ish topa olmasdan bekor yurganligini aytadi.

Shunda G.A. Davronbekka ich-ichini kemirayotgan sirlari, ya'ni, o‘zining jirkanch rejalarini o‘rtoqlashadi.

Og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurishga odatlanib qolgan Davronbek to‘rt farzandning otasi. Yoshi salkam ellikka borgan bo‘lsa ham, qo‘l urayotgan ishi jinoyat ekanligini bila turib, G.A. bilan til biriktirib, makkora ayolning Buxoro shahrida o‘g‘rilik qilish borasidagi taklifiga hech ikkilanmay rozi bo‘ladi. G. tuzgan jinoiy rejaga asosan Davronga Buxoro shahrida yashovchi, moddiy jihatdan baquvvat shaxslarning xonadonini aniqlash vazifasi yuklatilgan edi.

G.A. esa, o‘zining eski qadrdoni Isroilga qo‘ng‘iroq qilib Buxoroga kelishini, Buxoro shahrida o‘g‘rilik qilishga anchagina qulay bo‘lgan xonadonlarni topib qo‘yganligini aytadi.

Jinoyatning oxiri berk ko‘chalariga oralab yurib, qimor o‘yiniga mukkasidan ketgan Isroil topgan pulini aysh-ishrat va qimorga tikib, hayotda bemaqsad qolgan kishilardan biri. O‘g‘rilik qilish, birovning mol-mulkini osongina o‘marish, uning uchun muammosiz. G.A.ning taklifidan keyin, Buxoro tomonga oshiqqan Isroil, o‘zi bilan birga qimor o‘ynab, inson qiyofasidagi hayvon kabi yashab kelayotgan Rustam hamda Farruxni yetaklab keladi.

“Uch og‘ayni o‘g‘rilar”ni o‘z hisobidan Buxoroda kutib olgan G.A. hamda Davronbek ularni “Karvon bozor”i ro‘parasidagi choyxonalarning birida mehmon qilishib, shu yerda bir kecha tunashlari uchun sharoit yaratib beradilar.

Ertasi kuni G.A. o‘zining avtomashinasida Davron va jinoyatning ijrochilari sanalgan uch shaxsni Davron topib qo‘ygan, Buxoro shahrida joylashgan, o‘g‘rilik qilish uchun har tomonlama qulay bo‘lgan manzillarni ko‘zdan kechirish va o‘rganish uchun olib chiqadi. Beshovlon o‘sha kuni Buxoro shahrida joylashgan, beshta xonadonni obdon kuzatadilarda, ushbu manzillarda aholi xonadonlari zich joylashganligi, xonadon egalari tomonidan ko‘chalarda kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi sababli, Zafarobod ko‘chasi, 3-uyda yolg‘iz yashovchi G.J.ning xonadoni o‘g‘rilik qilish uchun anchagina qulay degan xulosaga keladilar.              

Davron o‘zining qo‘shnisi G.J.ning xonadonida uy sohibasining bir o‘zi yashashligi, uning mol-mulki va pullari ko‘pligi haqidagi ma'lumotlarni jinoiy guruh a'zolariga aytib, o‘zi G.A. bilan avtomashinaning ichida vaziyatni kuzatib turish, biror shaxs kelganida yoki jinoiy rejani amalga oshirishga ta'sir ko‘rsatuvchi harakatni sezgan taqdirda bu haqda sheriklariga ma'lum qilish vazifasini oladi.

Jinoiy guruhning qolgan a'zolari, Isroil, Rustam hamda Farrux tunning ikkinchi yarmida taxminan soat 3 larda boshlariga ayollar chulkisini niqob qilib kiygan holda G.J.ning xonadoniga tomdan oshib bostirib kiradilarda, uyda yolg‘iz uxlab yotgan ayolni qo‘l oyoqlarini bog‘lab, o‘zlari bilan olib kelgan skotch bilan og‘zini mahkamlagan holda, tanasining turli joylariga qo‘l oyoqlari bilan urib, sho‘rlik ayoldan pul talab qiladilar.

Uyning barcha xonalarini titkilab chiqqan jinoyatchilar yotoqxonada turgan temir sandiqqa ko‘zlari tushgach, uning kalitini qidirishni boshlaydilar. Kalit ham topiladi. Shu tariqa G.J.ni ojiz ahvolga solib qo‘yib, unga rahm-shafqat ham qilmagan bosqinchilar temir sandiq ichida bo‘lgan jami bahosi 99.000.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarni, shuningdek, 40.000.000 so‘m pullar hamda 20.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritib chiqadilarda, ularni kutib turgan G.A.ning avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan yashirinishadi.

G.A. avtomashinani shahardan chekkaroqqa boshqarib borib, bosqinchilardan qo‘lga kiritgan o‘ljani teng bo‘lishni so‘raganida, ular G. va Davronni aldab, uydan faqatgina 7 million so‘m pul chiqqanligini, boshqa hech narsa topilmaganligini aytib, o‘marib chiqilgan boshqa pul va tilla taqinchoqlarni yashiradilar. 7 million so‘m pullar taqsimlab olinadi, yo‘l- yo‘lakay niqoblar yechilib, qo‘lqoplar tashlab yuboriladi. G.A. esa Davron bilan o‘zlarining jinoiy sheriklarini Toshkent shahriga kuzatib qo‘yish uchun Buxoro shahridan aylanma yo‘llar orqali chiqib, G‘ijduvon tumaniga boradilar.

G‘ijduvon tumanida uchala bosqinchilarni qoldirib, qaytar chog‘ida Davron avtomashinada jinoyatchilar qoldirgan kiyim kechaklar va ayrim buyumlarni Vobkent tumanida joylashgan axlatxonaga tashlab yuboradi.

Jinoyat sodir bo‘lgan tundan boshlab ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, kuch va vositalar jinoyatni qisqa muddatlarda fosh etish, uni sodir etgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan tadbirlarga jalb etilib, olib borilgan izlanishlar va tezkor tadbirlar o‘zining samarasini berdi. Jinoiy to‘da boshlig‘i va uning a'zolari tez fursatda qo‘lga olinib, ularning sherigi Farruxga nisbatan “qidiruv” e'lon qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid