Jahon | 08:29 / 09.11.2017
10981
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Yamanga dahshatli ocharchilik xavf solayotganidan ogohlantirdi

Foto: Fotolia

BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mark Loukokning aytishicha, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamandan blokadani olib, hududga gumanitar yordam yetkazilishi tiklanmaguncha Yaman “oxirgi o‘n yilliklar ichidagi eng dahshatli ocharchilik” xavfi oldida turadi.  

“Bu choralar bekor qilinmaguncha Yamanda ocharchilik bo‘ladi. Bu 2011 yilda Somalida 250 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan ocharchilik kabi bo‘lmaydi. Bu oxirgi o‘n yilliklar ichida dunyodagi eng dahshatli ocharchilik bo‘ladi, millionlab odamlar uning qurbonlariga aylanishlari mumkin”, deb aytgan Loukok jurnalistlarga.

Loukok vaziyatning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 5 ta qadamni amalga oshirishga chaqirgan. Jumladan, “gumanitar yordam, ayniqsa, oziq-ovqat, yonilg‘i, tibbiy vositalar va boshqa mahsulotlarning yetkazilishini darhol tiklash uchun Yamanning barcha dengiz portlariga kirishni ochish zarur”.

6 noyabrda arab koalitsiyasi qo‘mondonligi Yamandan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod tomon husiylar raketa otgandan keyin Yamanning barcha quruqlikdagi, havo va dengiz portlarini yopishga qaror qilgan. Koalitsiya portlarning yopilishini ulardagi amaldagi nazorat husiylarga ballistik raketalar olishga imkon bergani bilan tushuntirgan. 8 noyabrda koalitsiya Yamanning eng yirik porti Adandan taqiqlovni oldi.

Mavzuga oid