Jahon | 23:32 / 10.11.2017
9559
3 daqiqa o‘qiladi

Odri Azule YuNeSKO bosh direktori etib tayinlandi

Foto: Sputnik/ Irina Kalashnikova

Parijda 39-sessiyasi bo‘lib o‘tayotgan YuNeSKO bosh konferensiyasi 10 noyabr kuni tashkilot bosh direktorligi lavozimiga Fransiyaning sobiq madaniyat vaziri Odri Azule nomzodini tasdiqladi. RIA "Novosti" shu haqida xabar berdi.

Konferentsiyada 131 mamlakat Azuleni qo‘llab-quvvatladi, 19 mamlakat esa qarshi ovoz berdi.

Ovoz berish jarayonida 184 mamlakat vakillari ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishdi. 

Oktyabr oyi boshida YuNeSKO ijro kengashining ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Odri Azule tashkilotning yangi bosh direktori etib saylangan edi. So‘nggi turda uning raqibi qatarlik diplomat Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, bosh direktorlik vakolatlarini tark etayotgan Bolgariya vakili Irina Bokova bu lavozimni 2009 yildan buyon egallab kelgan.

Odri Azulening so‘zlariga ko‘ra, YuNeSKO bugungi kunda strategik bo‘lmasa-da, moliyaviy va siyosiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. U tashkilot dunyo va unga a'zo mamlakatlar ishonchini qayta tiklashi zarurligini ta'kidlagan.

AQShning YuNeSKOdan chiqish qaroriga munosabat bildirar ekan, tashkilot "eshiklari doim ochiq bo‘lishi, u (AQShning) fuqarolik jamiyatlari" bilan ishlashda davom etishini qayd etdi.

"O‘ylashimcha, bir-birimizni xabardor qilib yashashda davom etishdan ham YuNeSKO, ham bu mamlakatlar manfaatdor. Tarixning guvohlik berishicha, bunday turdagi tashkilotlardan chiqish, xalqaro muzokaralar doirasidan chiqish halokatga olib kelishi mumkin", - dedi Azule.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YuNeSKOning umumiy vazifasi — tashkilotga a'zo barcha mamlakatlar bilan muloqot olib borish.

"Biz YuNeSKOdan barcha muammolarni hal qilishni so‘ray olmaymiz, lekin har bir davlatdan YuNeSKOga olib kelayotgan muammolar yechimiga mas'uliyat bilan yondashishni va YuNeSKOning o‘z mandati doirasida ishlashini, qanday inqirozlar bo‘lmasin, muloqot uchun maydon yaratishni so‘ray olamiz", - deya ta'kidladi u.

Mavzuga oid