09:53 / 11.11.2017
12023

Facebook’da do‘stlarni tavsiya qilish mexanizmi qanday ishlaydi?

Foto: Facebook

Ko‘pchilik Facebook do‘stlarni xuddi haqiqiy hayotda bo‘lgani kabi tavsiya qiladi, deb o‘ylaydi: siz kimnidir bilishingizni aytasiz, sizga esa bu odam bilgan boshqa insonlar maslahat beriladi. Aslida, ijtimoiy tarmoq tizimi juda murakkab, uning ishi natijalari esa kamroq ko‘rinadi.

Facebook’da o‘zingiz uchun yaratgan sahifadan tashqari, yana bitta sahifangiz bor. Uning uchun ma'lumotlar boshqa foydalanuvchilardan kiruvchi xabarlar va ularning smartfonidan olinadi. Sizning akkauntga aloqa ma'lumoti bog‘lanadi, uni siz servisga hech qachon taqdim etmagansiz.

Bunday yashirin sahifalar haqida ma'lumot bir necha yildan beri bor, biroq ko‘pchilik odamlar ularning salohiyati haqida bilishmaydi yoki hatto ular borligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Noma'lum yerdan paydo bo‘lgan tavsiya yuzaga chiqmagunicha, kompaniya siz haqingizda qancha ko‘p ma'lumotga ega ekanligini bilib ham ololmaysiz.

Keling, bir noma'lum advokatni olamiz. Facebook uning ish pochtasini tekshirmaydi, ammo pochta haqida aniq biladi, garchi advokat hech qachon uni kompaniyaga bermagan bo‘lsa ham. Agarda ushbu advokatning elektron pochta manziliga ega bo‘lgan kishi Facebook’da u bilan bo‘lishishga qaror qilsa, kompaniya advokat va bu pochtani biladigan har qanday shaxs o‘rtasida aloqa o‘rnatishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tayotganingizda, sizdan darhol manzillar kitobiga kirish imkoniyatini taqdim etish so‘raladi, bu servis siz uchun do‘stlar topib berishi maqsadida qilinadi. Saytning brauzer versiyasida do‘stlar izlash sahifasi shubha keltirib chiqarmaydi. Bu holatda, kompaniya berilgan aloqalar haqidagi barcha ma'lumotlarni saqlab qoladi.

Smartfonlar uchun ilovada bu funksiya yana ham qisqartirilgan. Ammo keyin siz ogohlantirilasiz: Facebook’da kimlar borligini tekshirib ko‘ring, lekin shu bilan birga, o‘z aloqalaringizni doimiy ravishda yuklang. Pastda esa quyidagilar aytilgan: «Sizning aloqalaringiz haqida ma'lumot... sizga va boshqa odamlarga tezroq do‘st topish uchun Facebook’ga yuboriladi».

«Ko‘proq» tugmasini bosganingizda esa, bu noaniq gap yanada noaniqlik uyg‘otadi:

«Agar do‘stlaringizni Facebook’da qidirishni istasangiz, biz sizning aloqalaringiz haqidagi ma'lumotlarni, jumladan, ismlar va istalgan taxalluslar; foto aloqalar; telefon raqamlari va siz qo‘shishingiz mumkin bo‘lgan boshqa bog‘lanish raqamlari, masalan oilaviy holat yoki kasb; shuningdek, telefoningizda bu kontaktlar haqidagi ma'lumotlardan foydalanamiz va ularni xavfsiz saqlaymiz. Bu sizga Facebook tomonidan boshqa kishilar haqida tavsiyalar berish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga imkon beradi», - Facebook.

Biroq, kompaniya sizning qurilmangizda korporativ yoki shaxsiy ma'lumotlar saqlanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi. U do‘stlashish bo‘yicha so‘rovlarni faqat o‘zingiz bilgan va so‘rovni olishga qarshi bo‘lmagan shaxslarga yuborishni so‘raydi.

Keyin esa Facebook sizdan qilmaslikni so‘ragan barcha narsalarni o‘zi qiladi. Agar siz kontaktlaringizni yuborishga rozilik bildirsangiz, ular ijtimoiy tarmoqning tasarrufida bo‘ladi. Ularning yordami bilan u siz hatto oz darajada bilgan barcha insonlar o‘rtasida aloqalarni izlay boshlaydi – siz hatto buni sezmaysiz.

Facebook servisda ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarning yashirin sahifalarini yaratmasligi haqida da'vo qiladi. Ammo bunday profillarning mavjudligi 2013 yilda keng ommaga oshkor bo‘ldi, o‘shanda kompaniya «bag»ni topgani va tuzatganini ma'lum qildi. Uning mohiyati shundan iborat ediki, foydalanuvchi o‘z ma'lumotlarini fayl sifatida yuklasa, u holda, do‘stlarning faqatgina ochiq emas, balki yashirin aloqa ma'lumotlarini ham bilish mumkin bo‘lgan.

Kompaniya foydalanuvchilar haqida qancha ko‘p ma'lumot to‘plashi haqida imkon qadar kamroq gapirishga harakat qiladi. «Siz bilishingiz mumkin bo‘lgan odamlarning tavsiyasi, biz odamlar va ularning do‘stlaridan olgan aloqa ma'lumotlariga asoslanadi, - deya aytib o‘tdi Facebook vakili Mett Steynfeld. – Ba'zan bu do‘stingiz yoki boshqa qandaydir tanishingiz siz bilan bog‘lash imkonini beruvchi elektron manzil yoki telefon raqami kabi aloqa ma'lumotlarini yuklashi mumkin deganidir. Bu va boshqa signallar bizga siz Facebook’da taniydigan va siz bilan do‘stlashishni istagan kishilarni tavsiya etishga yordam beradi».

Facebook egalik qiluvchi Instagram va WhatsApp’ga ham kontaktlarni yuklab olishingiz mumkin. Biroq, Steynfeldning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bu ma'lumotlardan do‘stlarni tavsiya etish uchun foydalanmaydi.

Steynfeld «do‘st yoki qandaydir tanish» deganida, u sizning telefoningiz yoki pochta manzilingizni yozib olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday odamni nazarda tutadi. Shuning uchun, Facebook siz yashagan yoki to‘xtagan har bir joyni, siz foydalanadigan har bir elektron pochta manzilini va siz qo‘ng‘iroq qilgan har qanday shahar yoki mobil telefonni bilishi ehtimoldan yiroq emas. Bu yerga sizning barcha taxalluslaringizni, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringiz, messenjerlardagi akkauntlaringiz va yana ko‘p narsalar kirib ketadi.

Facebook bulardan hech birini sizga tegishli ma'lumot deb hisoblamaydi. Bu ma'lumotni yuklab qo‘ygan odamlarning axborotidir, hamda faqat ular uni nazorat qilishadi.

Misol uchun, bu yashirin ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan politsiyachi uchun qanchalik qiyinchilik tug‘dirishi mumkin ekanini tasavvur qiling. U hech kim o‘zining ikki shaxsini bir-biriga bog‘lay olmasligi uchun maxfiylikning maksimal darajasini saqlab qolishi kerak. Agar Facebook’dagi kamida bir foydalanuvchida har ikkala shaxsning aloqa ma'lumoti bo‘lsa, buning oqibatlari halokatli bo‘ladi.

Barcha mavjud ma'lumotlarga ega bo‘lgani holda, kompaniya sizni faqatgina aloqa ma'lumotlaringizga ega bo‘lganlar bilan bog‘lamaydi. Ikki xil odamda sizning elektron manzilingiz yoki telefon raqamingiz bo‘lsa, ijtimoiy tarmoq ushbu foydalanuvchilar bir-birini bilishini taxmin qiladi. Facebook’da o‘zingiz bergan manzil yoki raqam bo‘lishi shart emas.

Agar kompaniyaga ma'lumotlardan foydalanishni cheklab qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, nima qilish kerak

Siz raqamlaringizni kimga berganingiz va ularni ijtimoiy tarmoqqa kim yuklaganini qidirib topishingiz lozim. Keyin, ulardan taklifnomalar va import qilingan kontaktlarni boshqarish sahifasiga tashrif buyurib, ma'lumotni o‘chirish haqida so‘rashingiz kerak.

«Aloqa raqami o‘chirilsa, biz uni tizimlarimizdan o‘chiramiz. Lekin, albatta, xuddi shu kontakt boshqalar tomonidan yuklangan bo‘lishi ehtimoli ham bor», - deb yozdi Steynfeld. 

Yashirin profilni o‘chirib bo‘lmaydi. Tizimning ishlashiga xalaqit berish uchun qilish mumkin bo‘lgan yagona narsa, - odamlarga sizning profilingizni telefon raqami yoki elektron manzil orqali topishga taqiq qo‘yish. Buning uchun Facebook maxfiylik sozlamalariga o‘tish kerak.

Lekin bu ham sizning yashirin profilingizga taalluqli emas. Kompaniya hatto foydalanuvchilarga bu maxfiy ma'lumotni ko‘rish imkoniyatini ham bera olmaydi, chunki bu ma'lumotlarni taqdim etgan kishilarning maxfiyligini buzgan bo‘lardi.

Mavzuga oid
Top