O‘zbekiston | 09:20 / 16.11.2017
8385
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va “Simens” o‘rtasida bir qator strategik hujjatlar imzolandi

15 noyabrda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya “Simens AG” konsernining Myunxendagi bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida konsernning boshqaruv kengashi a'zosi Roland Bush, konsernning Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Ditrix Meller bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda energetika, sanoat, temir yo‘l va sog‘liqni saqlash sohalarida amaldagi va kelgusi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Bu tashrif 2017 yil oktabrida “Simens” delegatsiyasining Toshkentga tashrifi vaqtida boshlangan muloqotning davom bo‘ldi. 

Myunxendagi  uchrashuv vaqtida bir necha sohalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish haqidagi strategik hujjatlar imzolandi.

Jumladan, tomonlar “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishmoqchi. Shu maqsadda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Simens” o‘rtasida memorandum tuzildi. Unga ko‘ra, shahar infratuzilmasi va transport xo‘jaligida yong‘in xavfsizligi, evakuatsiya tizimlari bo‘yicha kompleks yechimlarni tatbiq qilish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Gap shuningdek elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish vaqtida “aqlli tarmoqlar”ni tatbiq qilish haqida ketmoqda.      

“O‘zneftgazmash” AJ tomondan imzolangan kelishuv ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash va kengaytirishga taalluqli bo‘lib, unga ko‘ra hamkorlar “UNGM-DR servis markazi” qo‘shma korxonasini rivojlantirishni davom ettirishadi. Korxona ko‘rsatayotgan xizmatlar sohalarini kengaytirish va xodimlar malakasini oshirish rejalashtirilmoqda. Qo‘shma korxona ayni vaqtda neft-gaz, kimyo va neft-kimyo sohalarida qo‘llanuvchi qurilmalarni ta'mirlash va tashxislash bilan shug‘ullanadi.  

Yana bir hujjat O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Simens Sog‘liqni saqlash” (Siemens Healthineers) kompaniyasi bilan tuzildi. Tomonlar tibbiyot, fan va tibbiyot muassasalarini jihozlash sohasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishmoqchi. Jumladan, O‘zbekistonda onkologiya, kardiojarrohlik, neyrojarrohlik va travmatologiya sohalarida qo‘shma klinikalarni tashkil etish ko‘zdda tutilmoqda.   

Mavzuga oid