Jahon | 22:46 / 17.11.2017
9525
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda tekshiruvlardan keyin 90 dan ko‘proq prokuror javobgarlikka tortildi

Foto: Turar Kazangapov

Qozog‘iston bosh prokuraturasi o‘z safida “tozalash” ishlari olib borilganini ma'lum qildi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar bermoqda.  

Ma'lum qilinishcha, 2017 yil iyunda bosh prokuraturaning ichki xavfsizlik boshqarmasi departamentga aylantirilgan. Shu sababli xodimlar tarkibi 2 martaga, ya'ni 6 kishidan 13 kishigacha ko‘paytirilgan.    

Ta'kidlanishicha, tekshiruv natijalariga ko‘ra 12 prokuror lavozimidan olingan.

“Departament joriy yilda 191 ta tekshiruv o‘tkazgan. 93 prokuror turli turdagi javobgarliklarga tortilgan. Ulardan: 12 nafari salbiy sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan, 6 nafari lavozimidan olingan, 15 xodim xizmatga to‘liq muvofiq emasligi ma'lum qilingan. Qolganlar esa turli darajadagi intizomiy javobgarlikka tortilganlar. Xodimlarning aksariyati, ya'ni 40 prokuror or-nomus kodeksini buzgani uchun jazolangan”, deb aytilgan xabarda. 

Bundan tashqari, joriy yilda 10 nafar prokurorga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ulardan 7 nafari rahbarlik lavozimlarini egallagan.

“Ulardan 2 nafari sudlangan, 3 nafarining ishi sudda ko‘rilmoqda va 5 nafarining ishi maxsus prokurorlar tomondan ko‘rib chiqilmoqda. Vaholanki, avvalgi 5 yil ichida prokurorlarga nisbatan bor-yo‘g‘i 7 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi”, deyilgan bosh prokuraturada.  

Shuningdek, prokuraturaning ko‘plab xodimlari talablar oshirilgani va prokuratura ishi tubdan o‘zgargani sababli o‘zlari bo‘shab ketganlar.

“O‘z safida tozalashlar o‘tkazish yangi formatdagi faoliyatning muhim yo‘nalishi hisoblanadi, undan maqsad adolatli, samarali va shaffof prokuratura yaratish hisoblanadi”, deb aytilgan xabarda. 

Mavzuga oid