Jahon | 21:01 / 19.11.2017
11151
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Ukraina bosh vaziri bo‘lishga tayyorligini bildirdi

Foto: RIA Novosti / Stringer

Gruziyaning sobiq prezidenti va Ukrainaning “Yangi kuchlar ruxi” partiyasi yetakchisi Mixail Saakashvili agar kerak bo‘lsa, Ukraina bosh vaziri bo‘lishga tayyorligini aytdi. Avvalroq siyosatchi unga Ukrainada birorta ham lavozim kerakmasligini aytgan.

“Ukraina shoshilinch ravishda yangi hokimiyat, yangi hukumatga muhtoj. Biz birgalikda bu hukumatni yaratishimiz kerak. Men siz bilan birga buni qilishga tayyorman. Men siz bilan bu jarayonga boshchilik qilishga va bu hukumatni, agar kerak bo‘lsa, boshqarishga tayyorman”, deb aytgan Mixail Saakashvili Oliy rada binosi yonidagi namoyishda.

Saakashvilining aytishicha, namoyishchilar Kiyev markazida 3 dekabrda “xalq impichmenti” tashkillashtirishmoqchi. “3 dekabrda “xalq impichmenti” boshlanadi. 3 dekabrgacha esa biz boshlagan ishimizni qilamiz. 3 dekabr barchamiz uchun iks soat bo‘ladi. Keling birlashamiz, men mamlakat bo‘ylab yurib, odamlarni ko‘taraman”, deb aytgan siyosatchi.

17 oktabrda Oliy rada binosi yonida bir necha siyosiy partiyalar va jamoat harakatlari Ukrainada katta ko‘lamli siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlab mamlakat bo‘ylab aksiya boshlashgan. Namoyishchilar deputatlik daxlsizligini cheklash, aksilkorruptsion sud va yangi saylov kodeksi haqidagi qonunlar qabul qilinishini talab qilishgan. So‘ngra ular yana bir talab qo‘yishgan – Ukraina prezidenti impichmenti haqidagi qonunning qabul qilinishi. 

20 oktabrda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko norozilik aksiyasi tashkilotchilarining asl maqsadi Ukrainadagi vaziyatni izdan chiqarish ekanligini aytgan. Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenkoning aytishicha, Saakashvili boshchiligidagi miting ishtirokchilari davlat to‘ntaruviga tayyorlanishmoqda va xorijdan moliyalashtirilishmoqda. 

Saakashvili esa Rada yonida har yakshanba mitinglar o‘tkazilishini aytgan.

Mavzuga oid